Ijarada turuvchi talabalar kompensatsiya olish uchun 7-sanaga qadar ariza yuborishlari kerak

Ijarada turuvchi talabalar kompensatsiya olish uchun 7-sanaga qadar ariza yuborishlari kerak

Endi ijara uyida yashovchi talabalar oyma-oy ijara to‘lovining bir qismini qoplab berilishi bo’yicha my.gov.uz portali orqali murojaat qilishlari mumkinligi haqida xabar bergan edik.

 

Joriy yil 1-dekabr sanasidan boshlab, ijara shartnomaga kompensatsiya olish uchun ariza berish ochildi. Ushbu jarayon har oyning 7-sanasiga qadar davom etadi.

 

Xizmatdan qanday foydalaniladi?

 

my.gov.uz portaliga kiring:

 

– “Davlat OTM talabalariga oylik ijara to‘lovining bir qismini qoplab berish” xizmatini tanlang;

 

– hujjat talab qilinmaydi — talabaning barcha ma’lumotlari avtomatik tekshiriladi.

 

To‘lov miqdori (ariza ma’lumotlari tasdiqlansa):

 

– Toshkentdagi talabalar — BHMning 1 baravari;

 

– viloyatdagilar — BHMning 0.5 baravari qaytariladi.

 

Arizalar har oyning 1–7 kunlari qabul qilinadi.

 

Izoh: ijara shartnoma uchun arizani, aslida, istalgan kunda yuborsangiz bo‘ladi. Faqat oyning 7-sanasiga qadar yuborilgan so‘rovlarga mazkur oy uchun shartnoma miqdorining ma’lum qismi qoplab beriladi. Ya’ni hatto 8-sanada ariza yuborsangiz ham keyingi oyga qolib ketasiz.

 

Kimlarga qoplab beriladi?

 

– yotoqxona bilan qamrab olinmagan bo‘lishi kerak. Agar yotoqxonada joy bo‘lsa-yu, lekin talaba yotoqxonada turmasdan, ijaraga chiqib ketgan bo‘lsa, unda kompensatsiya berilmaydi;

 

– o‘ziga yoki ota-onasi (qonuniy vakillari)ga tegishli bo‘lmagan uyda ijarada turgan bo‘lishi kerak;

 

– davlat oliygohi talabasi bo‘lishi kerak, xususiy oliygoh talabalariga qoplab berilmaydi;

 

– O‘zbekiston fuqarosi yoki respublikada doimiy yashayotgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxs bo‘lishi kerak, xorijiy davlat fuqarosiga qoplab berilmaydi;

 

– faqat kunduzgi ta’lim shaklida o‘qiyotgan bo‘lishi kerak. Kechki, masofaviy, sirtqi, shuningdek, qo‘shma ta’lim dasturlarida o‘qiyotgan talabalarga qoplab berilmaydi;

 

– ro‘yxatga olingan doimiy yashash joyidan boshqa joyda (tuman, shahar miqyosida) yashayotgan bo‘lishi kerak. Masalan, Samarqand shahrida ro‘yxatda turgan talaba Samarqand shahridagi oliygohda o‘qisa, unga ijara to‘lovida kompensatsiya berilmaydi, lekin Kattaqo‘rg‘on tumanida ro‘yxatda turuvchi talabaga to‘lab berilishi mumkin;

 

– davlat granti yoki to‘lov-kontrakt asosida o‘qiyotganining farqi yo‘q, ikkalasiga ham qoplab beriladi.

 

Qancha kompensatsiya beriladi?

 

Har oy uchun:

 

– Toshkent shahrida — bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari (412 ming so‘m);

– boshqa hududlarda — yarim baravar (206 ming so‘m).

 

Ijara shartnomasi bo‘lishi shart

 

Kompensatsiya olish uchun ijara.soliq.uz saytida hisobga qo‘yilgan ko‘chmas mulk ijara shartnomasi bo‘lishi kerak, yo‘qsa kompensatsiya berilmaydi.

 

Yagona istisno: 1-kurslarga dastlabki sentyabr va oktyabr oylari uchun ijara shartnomasi so‘ralmasdan to‘lab beriladi. Noyabr oyidan esa 1-kurslarga ham ijara shartnomasi bo‘lishi kerak.

 

Bitta turar joyda ikki va undan ortiq talaba ijara huquqi asosida yashagan holatlarda, ularning barchasi ijara shartnomasida qayd etilgan bo‘lishlari shart.

 

Ma’lumot uchun, Soliq kodeksining 378-modda 19-1-bandiga ko’ra, uyiga talabalarni ijaraga qo‘ygan fuqarolar ijarasi uchun daromad solig‘idan ozod qilinadi. Shuning uchun talabalarni ijaraga qo‘yganlar, shartnomani rasmiylashtirishdan xavotir olmasa ham bo‘ladi, ular buning uchun soliq to‘lamaydi.

 

Kimlarga birinchi navbatda beriladi?

 

— ijtimoiy yordamga muhtoj bo‘lganlar;

 

— o‘rnak ko‘rsatgan va faol talabalar birinchi navbatda moliyalashtiriladi.

 

Ma’lumot uchun: qoidaga ko‘ra, ijara huquqi asosida yashaydigan davlat OTM talabalarining 60 foiziga kompensatsiya beriladi. Ya’ni bu degani, agar limit to‘lib qolsa, hammaga byudjetdan to‘lab berilmasligi ham mumkin. Ammo yetmay qolgan talabalarga universitetning budjetdan tashqari mablag‘lari orqali qo‘shimcha moliyalashtirish ham mumkin.

 

Ijara to‘lovini qoplab berilishi bo’yicha arizalarni kontrakt.edu.uz orqali ham yuborish mumkin. Buning uchun:

 

kontrakt.edu.uz axborot tizimidan ro‘yxatdan o‘tiladi va shaxsiy kabinetga kiriladi;

– shaxsiy kabinetdan “Ijara to‘lovlari” bo‘limi tanlanadi;

– “Ariza yuborish” tugmasi bosiladi va ariza yuboriladi.

 

Rad etish asoslari

 

Agar soxta hujjat topshirilgan bo‘lsa, manzil mos kelmasa yoki ariza muddatida berilmagan bo‘lsa — rad etiladi.

 

Komissiya tomonidan doimiy ravishda ijara shartnomasini qalbakilashtirgan va noto‘g‘ri ma’lumotlar taqdim etgan talabalar ro‘yxati shakllantirilib boriladi. Ushbu talabalar ro‘yxatiga tushgan talabalarga oylik ijara to‘lovining bir qismini qoplab berish to‘xtatilishi mumkin.

 

Rad etilgan taqdirda kamchilikni tuzatib, yana murojaat qilish mumkin.

 

Tugatilishi shartlari

 

Agar talaba akademik ta’tilga chiqqan, kursda qoldirilgan yoki safdan chetlashtirilsa — to‘lov to‘xtatiladi. Ijara shartnomasi bekor qilinsa yoki manzil o‘zgarsa 3 ish kuni ichida xabar qilish kerak.

 

Avvalroq, Prezidentning  2025-yil 16-sentyabrdagi “Respublikaning hudud, soha va tarmoqlarida raqamli texnologiyalar joriy etilishini yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–286-son qaroriga ko‘ra, 2025-yil 1-noyabrdan davlat oliy ta’lim muassasalari talabalariga oylik ijara to‘lovining bir qismini qaytarish bo‘yicha Yagona portal (my.gov.uz) orqali murojaat qilish imkoniyati yaratilishi haqida xabar bergan edik.