Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi tashabbusi bilan yoshlarning ijodiy tafakkuri, ruhiy holati va shaxsiy rivojlanishini qoʻllab-quvvatlashga xizmat qiladigan loyiha — “Kelajak yaratuvchilari” koʻrsatuvining “Sanʼat terapiyasi qanday yordam beradi?” yangi soni taqdim etildi.
Unda “Mehrli maktab” davlat taʼlim muassasasi pedagogi Sharifa Sharafxodjayeva sanʼat terapiyasi orqali bolalarning hissiy kechinmalarini yumshatish, stress va qoʻrquvni kamaytirish, ichki dunyosini erkin ifodalash, motivatsiya va oʻqishga qiziqishni oshirish kabi jarayonlardagi ahamiyati haqidagi fikrlarini bildirgan.
3 yil avval ochilgan ushbu gospital maktab onkogematologiya qoshida davolanayotgan bolalarga tahsil beradi.
“Bu bolajonlar koʻproq menga dars beradi. Aynan, hayot darsliklarini men ulardan oʻrganaman. Chunki shunday qiyin ahvolga tushgan bola, aynan bugunga shukronalikni oʻrgatadi” — deydi art-pedagog.
Mutaxassisning fikricha, bolalar aynan rasm orqali oʻzlarining ichki dunyosini ochadi. Aynan art terapiya orqali bolalarning fokusini kasallikka emas, hayotsevarlikka qarab oʻzgartirish mumkin.
“Bir marta men bilan shunday voqea boʻldi. Men bitta bolani chizgan asarini xalqaro tanlovga joʻnatganman. U gʻolib boʻldi, lekin men bu bolaga ushbu yangilikni aytishga men ulgura olmadim. Ertasiga u reanimatsiyaga tushib qolgan. Maktabga kelganimdan keyin u bola oʻtib qolganini eshitib, men oʻzimni kechira olmadim. U axir kutgan-ku. Balki bu unga kuch bergan bo‘lar edi” — deydi u.
