Yaponiyaning Tokio universiteti hamkorligida tashkillashtirilgan UTokyo Amgen Scholars Program dasturi ishtirokchilarga dunyoning yetakchi muassasalaridan birida tadqiqot loyihalarini amalga oshirishga imkon yaratadi. Dasturda biologiya va shunga yaqin sohalarda tadqiqot olib borish maqsadida boʻlgan bakalavr bosqichining kamida 1-kursini tugatgan nomzodlar qatnashishlari mumkin.
Grant 8 hafta davom etadi hamda ishtirokchilarning turarjoy, oziq-ovqat, yoʻl hamda shu kabi xarajatlari qoplanadi, shuningdek, 280,000 Yapon iyenasi miqdorida stipendiya beriladi.
Dasturga roʻyxatdan oʻtish jarayoni 2026-yil 1-fevralga qadar davom etadi. Saralab olingan nomzodlar uchun grant dasturi 2026-yil 4-iyundan boshlanib, ushbu yilning 6-avgustigacha davom etadi. Dasturga jami 10 ta ishtirokchi saralab olinadi.
Maqbullik shartlari
Dasturda ishtirok etish uchun quyidagi talablar mavjud:
- dasturda biologiya va shunga yaqin sohalarda tadqiqot qilish va oʻqishini davom ettirish maqsadida boʻlgan hamda yozgi 8 haftalik tadqiqot olib borishga tayyor ishtirokchilar ariza topshirishlari kerak;
- ariza topshirayotgan nomzodlar bakalavr talabasi yoki bakalavr darajasiga teng muassasada tahsil olayotgan, shuningdek kamida 1-kursni bitirgan boʻlishlari lozim;
- 2026-yilning yozigacha o’qishni bitiradiganlar qatnasha olmaydi. Chunki dasturdan so’ng universitetga qaytib kamida 1 semester o’qish talab qilinadi;
- nomzodlar yuqori akademik koʻrsatkichlariga ega boʻlishlari kerak;
- ingliz tili ishtirokchilarning ona tili boʻlmagan taqdirda til bilish darajasini belgilovchi quyidagi sertifikatlardan biri talab qilinadi:
– TOEFL (iBT) 72;
– IELTS 5,5;
– Cambridge English FCE, TOEIC 1095;
– TOEIC L&R 785;
– TOEIC S&W 310.
- qatnashchilarning kelajakda doktoranturada oʻqishni davom ettirish rejasi boʻlishi lozim;
- dasturda qatnashayotgan nomzodlarning biror kursda qatnashish yoki ishlashlari taʼqiqlanadi;
- shuningdek, ulardan dasturda toʻliq qatnashish, grant maʼmuriyati tomonidan belgilangan turarjoyda yashash, boshqa ishtirokchilarni hurmat qilish hamda barcha uchrashuvlar va yigʻilishlarda qatnashishlari talab qilinadi;
- dastur soʻnggida ishtirokchilar amalga oshirgan tadqiqotlarini tasvirlovchi xulosa hamda grant direktoriga tadqiqotlarining chop etilgan nusxasini topshirishlari lozim.
Dastur talablari haqida ushbu havola orqali batafsil maʼlumot olish mumkin.
Foydali tomonlari
Dasturning quyidagi foydali tomonlari mavjud:
- gʻoliblar Tokio universiteti tomonidan Hongo Kampusiga yaqin joyda joylashgan tekin turarjoy bilan taʼminlanadi. Baʼzi ishtirokchilarning tadqiqot markazi berilgan turar-joydan uzoqroqda joylashgan boʻlishi mumkin, bu hollarda tramvaydan foydalanishga toʻgʻri kelishi mumkin;
- 280,000 Yapon iyenasi miqdorida stipendiya beriladi. Ushbu stipendiya oziq-ovqat, Yaponiyada yashash mobaynidagi shaxsiy xarajatlar va sayohatlarga sarflanishi mumkin;
- ishtirokchilarga aviachipta olish uchun alohida mablagʻ ajratiladi;
- qatnashchilar tadqiqot davomida soha boʻyicha bilim va malakalarga ega boʻlishadi, bu esa ularning karyeralariga uchun foydali tajriba boʻladi;
- dastur doirasida 8 hafta tadqiqotdan tashqari ishtirokchilar maxsus seminarlarda qatnashish, boshqa talabalar bilan oʻzaro suhbat va munozaralar olib borish, universitet kutubxonasidan, shuningdek, sogʻliqni saqlash markazidan foydalanish imkoniga ega boʻlishadi;
- Yaponiyada yashash mobaynida nomzodlar yapon madaniyatini oʻrganish hamda turli ekskursiyalarda qatnashish imkonini ham qoʻlga kiritishadi.
Eslatma! Shaxsiy sabablarga koʻra bekor qilingan aviachipta puli ishtirokchilar tomonidan dastur maʼmuriyatiga qaytarilishi lozim. Sogʻliq va sayohat sugʻurtasi ishtirokchilar tomonidan qoplanishi zarur va bu masalada Amgen Foundation granti ham, Tokio universiteti ham masʼuliyatni oʻz zimmasiga olmaydi.
- Dasturga roʻyxatdan oʻtish jarayoni 2025-yil 1-noyabrdan 2026-yil 1-fevralga qadar davom etadi.
- Saralab olingan nomzodlar uchun grant dasturi 2026-yil 4-iyundan boshlanib, ushbu yilning 6-avgustigacha davom etadi. Dastur 8 hafta davom etadi hamda jami 10 ta ishtirokchi saralab olinadi.
- Roʻyxatdan oʻtish jarayonida nomzodlar tadqiqot loyihalari uchun bitta mavzu tanlashlari kerak boʻladi.
- Dastur amalga oshiriladigan laboratoriyalar va loyiha mavzulari bilan ushbu havola orqali tanishish mumkin.
Dasturda qatnasha oladigan davlatlar roʻyxati bilan ushbu havola orqali tanishish mumkin. Tadqiqot oʻtkaziladigan laboratoriyalar roʻyxati bilan ushbu havola orqali tanishish mumkin.
Asia Simpozium foto galereyasini ushbu havola orqali koʻrish mumkin. Dastur boʻyicha savollarni ushbu havola orqali yoʻllash mumkin.
