Ijtimoiy tarmoqlarda “Furqat tumanidagi 29-maktabda 2 nafar o‘quvchi qiz doridan zaharlandi” mazmunida xabar tarqaldi.
Holat yuzasidan Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, Farg‘ona viloyati Furqat tumanidagi 29-maktabning 9-sinf o‘quvchilari M.M. va Z.T. joriy yilning 12-noyabr kuni maktabda 5-soat jismoniy tarbiya darsida o‘zlarini yomon his qilayotganini o‘qituvchiga bildirgan.
‘‘Ulardan sabab so‘ralganda, tanaffus paytida salqin ichimlik ichgani va paxlava iste’mol qilganini aytishgan. O‘qituvchilar ularni qishloq vrachlik punktiga olib borishgan va shifokorlar tomonidan tez yordam mashinasida tuman markaziy shifoxonasiga yuborilgan.
Soha mutaxassislari tomonidan bemorlarga zarur tibbiy yordam va muolajalar ko‘rsatilgan. Hozirda o‘quvchi qizlarning sog‘lig‘i yaxshi, shifokorlar nazoratida.
Ayni paytda huquq-tartibot idoralari tomonidan holatga aniqlik kiritish maqsadida surishtiruv ishlari olib borilmoqda’’, deyiladi xabarda.
