Xabaringiz bor, ayni damda pedagoglarning malaka toifasini aniqlash bo‘yicha attestatsiya jarayonlari qizg‘in davom etmoqda. Ushbu jarayon orqali o‘qituvchilarning bilim va kasbiy mahorati baholanib, ularga malaka toifalari hamda ustamalar belgilanmoqda.
Buxoro viloyati, Qorako‘l tuman ixtisoslashtirilgan maktabi o‘qituvchisi Jahongir Mirzaqulov matematika va ingliz tili yo‘nalishida o‘quvchilarga saboq berib kelmoqda.
Joriy yilning aprel oyida o‘tkazilgan attestatsiya sinovlarida Jahongir Mirzaqulov matematika fanidan 98 ball to‘plab, oliy toifani qo‘lga kiritdi hamda 70 foizlik ustamaga ega bo‘ldi.
Hozirda o‘tayotgan malaka sinovlarida esa u ingliz tili fanidan 90 ball to‘plab, yana oliy toifani qo‘lga kiritdi. Shu bilan birga, matematika fanidan o‘z natijasini 98 ball bilan “Yil o‘qituvchisi” tanlovining nomzodlar ro‘yxatidan ham o‘rin oldi.
Avvalroq, bugungi malaka sinovlarida yuqori natija ko‘rsatgan matematika fani o‘qituvchilari e’lon qilinganligi haqida ham xabar bergan edik.
