IELTS dan 9.0 ball olgan o’zbek qizi muvaffaqiyat sirlari bilan o’rtoqlashdi

IELTS dan 9.0 ball olgan o’zbek qizi muvaffaqiyat sirlari bilan o’rtoqlashdi

O‘zbekistonda IELTS imtihonidan eng yuqori natija, ya’ni 9.0 ballni qo‘lga kiritganlar kundan-kun ko’payib bormoqda. So‘nggi yillarda Respublikamiz bo’ylab 50 mingdan ortiq nomzod IELTS sertifikatini olish uchun imtihon topshirgan bo‘lsa, 2024-yil yakunigacha 36 nafardan ortiq shaxs IELTS’dan maksimal 9 ball (C2 daraja) olishga erishgan. Quvonarlisi, 2025-yil davomida ham bu raqamlar ko‘payishda davom etmoqda.

 

O‘zbekistondagi eng yosh IELTS 9 sohibasi, boshqalar tili bilan aytganda eng yosh «niner» Nozima Qadamova hozir 17 yoshda.  U Chilonzor tumanidagi 357-sonli maktabning 11-sinf o‘quvchisi.

 

Ingliz tiliga qiziqishim 2023-yilda boshlangan. Yozni bekor o‘tkazmaslik uchun ingliz tilini o‘qishni boshladim. Keyin bu tilni o‘rganish juda ham yoqib qolgan. Ingliz tili menga qiziqarli tuyilgan, lug‘at yodlash, grammatikasi boshqa tillarga qaraganda osonroq edi. Lekin undan oldin, to‘g‘risini aytsam, ingliz tilini o‘qiyman deb o‘ylamagan edim — deya ilk qadamlarni eslaydi Nozima Qadamova.

 

2 yil ichida 0 darajadan 9 darajaga erishgan o‘quvchi, bundan avvalgi natijalari yomonroq chiqqani, ammo harakatdan to‘xtab qolmaganini ta’kidladi.

“Umumiy 4 marta imtihon topshirganman, eng birinchi natijam 8, ikkinchisi 8,5 ball, lekin uchinchisi 7,5 bo‘lib qolgan. Keyin to‘rtinchisi, mana oxirgisi 9 bo’ldi. To‘g‘risini aytsam, natijam 7,5 chiqqanida biroz xafa bo‘lganman, bundan avvalgi natijalarim ‘omad edimi’ deb o’ylab qolganman. Ustozlarim ‘progress’ bo‘lishi uchun ham yiqilib-turish kerak deb aytishar edi” — deydi eng yosh “niner”.

 

Nozima Qadamova IELTS ga tayyorlanish jarayonida maktabdagi darslar unga xalaqit bermaganini, har ikkisini ham uddalagani haqida gapirib o‘tdi.

“Maktabda o‘qituvchilarim qo‘llab-quvvatlashdi. Darslarda ‘buni yodla, buni bajar’ deb bosim qilishmadi. Bo‘sh vaqtlarimda o’zimni ingliz tili darslarimni qilib o‘tirar edim yoki ingliz tilida birorta kontent eshitib yurar edim,” — deydi u.

“Nega aynan 9 gacha harakat qilgansiz, nima uchun 8 yoki 8,5 ballik natija bilan to’xtamagansiz?” degan savolimizga Nozima quyidagicha javob berdi:

“Ustozlarimiz bilan 9 gacha harakat qilamiz deb kelishgan edik. 3 marta topshirish ‘planda’ edi desam ham bo’ladi. 3 marta kirib chiqdim, ustozim ‘mayli, oxirgi marta yana bir topshirib ko‘ring, o‘xshamasa bo‘ldi’ dedilar. Shu oxirgisi, ya’ni to‘rtinchi marta kirishim ko‘p narsani hal qildi” — deya eslaydi Qadamova.

 

Suhbat davomida o‘quvchi qiz yurtimizdagi barcha yoshlarga va ularning ota-onalariga o‘z tavsiya, maslahatlarini berib o‘tdi.

“Ota-onalarga aytgan bo‘lardim, farzandingizga ko‘p bosim berib yubormang. Qo‘llab-quvvatlang, lekin ‘qilishing kerak, sen ham shu yoshda qila olishing kerak’ deb aytish xato deb o‘ylayman. Chunki uydagi muhit yoshlarning kelajagi, ularni maqsadlari va omadiga ham katta ta’sir o‘tkazadi deb o‘ylayman. Yoshlarga esa ‘to‘xtab qolmaslik kerak’ deb aytgan bo‘lar edim. Biror narsani boshlashdimi, uni oxirigacha olib borish kerak. Oradagi qiyinchiliklar to‘xtatib qo‘ymasligi kerak, chunki qiyinchilikka uchrash bu ‘normal’ holat. Vaqt juda ham muhim narsa, unga e’tiborliroq bo‘lish kerak,” — deb so‘zlarini yakunlaydi o‘quvchi qiz.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, suhbat davomida Nozima Qadamova o’zining teran, dadil va motivatsion ruhdagi ko‘plab fikrlarini bildirib o’tdi. Uning qarashlari, mulohazalari har bir yosh uchun ruhiy qo‘llov, ota-onalar uchun to’g’ri ko‘rsatma va o’zi uchun muvaffaqiyat kalitidir.

 

O‘zbekistondagi eng yosh IELTS 9,0 sohibasi bilan boʻlgan toʻliq intervyuni quyidagi havola orqali tomosha qilishingiz mumkin: