Urgutda maktab o‘quvchi qizlari o‘rtasidagi janjal yuzasidan ota-onalarga nisbatan chora ko‘rildi

Urgutda maktab o‘quvchi qizlari o‘rtasidagi janjal yuzasidan ota-onalarga nisbatan chora ko‘rildi

Ijtimoiy tarmoqlarda bir guruh maktab o‘quvchi qizlarining bir-birining sochidan tortib, janjallashayotgani aks ettirilgan video tarqaldi. Ma’lum bo‘lishicha, hodisa Samarqand viloyatining Urgut tumanida sodir bo‘lgan.

 

 

Viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi bergan ma’lumotga ko‘ra, voqea yuzasidan maxsus ishchi guruh tuzilgan va holat ichki ishlar bo‘limi bilan hamkorlikda o‘rganilgan.

 

 

Aniqlanishicha, 13-oktabr kuni 41-maktabning 9-«A» sinf o‘quvchisi F.F. hamda 9-«B» sinf o‘quvchisi R.G. telefon orqali tortishib qolgan. Ertasi kuni, 14-oktabrda soat 14:20 atrofida ular Qoratepa mahallasidagi Sarbozor ko‘chasida uchrashib, janjalga kirishgan.

 

 

Hodisani boshqa sinfdoshlari ham ko‘rgan. Shundan so‘ng maktab rahbariyati o‘quvchilar va ularning ota-onalari bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazgan.

 

 

Boshqarma xabariga ko‘ra, tuman ichki ishlar bo‘limi xodimlari tomonidan voqeada ishtirok etgan jami 12 nafar o‘quvchining ota-onalariga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi asosida ma’muriy bayonnomalar tuzilgan.