Instagram ijtimoiy tarmog‘i 18 yoshgacha bo‘lgan foydalanuvchilar, xususan maktab yoshidagi bolalar uchun “13+” cheklov tizimini joriy qilmoqda.
Bu tizim AQSHda filmlar uchun qo‘llaniladigan “PG-13” reytingiga o‘xshash bo‘lib, ota-onalarga farzandlarini yaxshiroq nazorat qilish imkonini taqdim etadi.
Meta kompaniyasi Instagram’dagi o‘zgarishlar orqali voyaga yetmaganlarga nomaqbul kontentlarni, jumladan, qo‘pol so‘zlar, giyohvandlikka oid sahnalar, spirtli ichimliklar, zo‘ravonlik va shahvoniy materiallarni cheklamoqchi. Yangi tizimga ko‘ra, 18 yoshdan kichik foydalanuvchilar avtomatik tarzda “13+” sozlamalariga o‘tkaziladi, va bu sozlamani faqat ota-onaning ruxsati bilan o‘zgartirish mumkin bo‘ladi. Ba’zi qidiruv so‘zlari (masalan, alkogol) hatto xato yozilgan bo‘lsa ham, bloklanadi.
Tizim dastlab AQSH, Buyuk Britaniya, Avstraliya va Kanadada ishga tushiriladi. Yevropa va boshqa mamlakatlarga esa kelasi yilda joriy qilinishi rejalashtirilgan.
Ba’zi mutaxassislar bu o‘zgarishlarni yetarli emas deb hisoblashsa-da, Meta kompaniyasi bu da’volarni inkor etadi.
