Niderlandiyada magistraturani toʻliq moliyalashtirilgan holda 1,250 yevro stipendiya bilan oʻqish imkoniyati — Eric Bleumink Fund dasturi

Niderlandiyada magistraturani toʻliq moliyalashtirilgan holda 1,250 yevro stipendiya bilan oʻqish imkoniyati — Eric Bleumink Fund dasturi

Niderlandiyadagi Groningen universiteti — dunyoning eng nufuzli Top-100 oliygohlaridan biri boʻlib, magistratura bosqichida 1 yoki 2 yillik oʻqishni toʻliq moliyalashtirilgan holda davom ettirish imkonini taklif etmoqda. Ushbu imkoniyat Eric Bleumink Fund grant dasturi orqali taqdim etiladi.

 

 

Grantning asosiy maqsadi — yuqori iqtidorli, ilmiy salohiyati kuchli, ammo moliyaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlashga muhtoj boʻlgan talabalarni ragʻbatlantirish.

 

 

Barcha yoʻnalishlar boʻyicha ariza topshirish mumkin. Faqat Groningen universitetida magistraturaga ariza bergan talabalargina grantga daʼvogar boʻla oladi.

 

Maqbullik shartlari

 

– arizachi grantga ruxsat etilgan davlatlardan birining fuqarosi boʻlishi lozim (Oʻzbekiston ham roʻyxatda);

 

– Groningen universitetining magistratura bosqichiga qabul qilingan boʻlishi lozim (Shundagina grant uchun saralashga loyiq deb topiladi);

 

– yuqori akademik koʻrsatkichlarga ega boʻlish (tavsiyanomada alohida ta’kidlanishi maqsadga muvofiq);

 

– bakalavr bosqichini aʼlo natijalar bilan yakunlagan boʻlish;

 

– ingliz tilini yuqori darajada bilish (IELTS, TOEFL, Cambridge kabi xalqaro sertifikat talab qilinadi);

 

– dasturni tanaffussiz, toʻliq davom ettirish imkoniyatiga ega boʻlish;

 

– salomatligi yaxshi boʻlishi;

 

– oʻqish xarajatlarini qoplash uchun boshqa moliyaviy manbaga ega boʻlmasligi.

 

 

Talablar bilan batafsil bu yerda tanishish mumkin.

 

Grant doirasida beriladigan imtiyozlar

 

Oʻqish xarajatlaridan toʻliq ozod etiladi. Niderlandiyaga borish-kelish yoʻl xarajatlari (aviabilet, sugʻurta, aeroport yigʻimlari) qoplanadi.

 

 

Talabalarga turar-joy va yashash xarajatlari uchun oyiga €1,250 stipendiya beriladi. Mamlakatga kelish va dastlabki joylashuv uchun qoʻshimcha €275 ajratiladi.

 

 

Viza rasmiylashtirish xarajatlari qoplanadi. Oʻquv materiallari va kitoblar uchun yiliga €310 stipendiya beriladi.

 

 

Shuningdek, kutilmagan vaziyatlarda (kasallik, oila a’zosi vafoti va boshqalar) oʻqish muddati uzaytirilishi mumkin. Talabalar tibbiy va baxtsiz hodisalar sugʻurtasi bilan ta’minlanadi.

 

Hujjat topshirish tartibi

 

Arizachilar quyidagi hujjatlarni taqdim etishlari kerak:

 

– onlayn ariza shakli;

 

– diplom yoki oʻqishni tugatayotgani haqidagi hujjat;

 

– fanlar va baholar roʻyxati;

 

– CV (rezume);

 

– motivatsion xat;

 

– pasport nusxasi;

 

– ingliz tili bilimini tasdiqlovchi sertifikat (IELTS, TOEFL, Cambridge va b.);

 

– kurslarning qisqacha tavsifi (tanlangan yoʻnalishga qarab);

 

– 1 ta tavsiyanoma xati;

 

– akademik yutuqlardan xabardor 2 ta taqrizchining kontakt ma’lumotlari;

 

– GRE yoki GMAT natijasi (fakultet talablari asosida).

 

 

Eslatma: ayrim fakultetlar qoʻshimcha hujjatlar talab qilishi mumkin. Yoʻnalishlarga doir hujjatlar bilan batafsil bu yerda tanishish mumkin.

 

 

Qabul jarayoni va muddatlar

 

Magistratura dasturi uchun arizalar 2025-yil 1-dekabrgacha topshirilishi shart. Shundan soʻng, qabul komissiyasi fakultetlar bilan hamkorlikda 2026-yil yanvar oyining birinchi haftasida saralashni amalga oshiradi.

 

 

Saralangan nomzodlar keyingi bosqichga oʻtganliklari haqida xabardor qilinadi va ulardan qoʻshimcha motivatsion xat yuborish talab qilinadi.

 

 

Barcha hujjatlar 1-fevralga qadar EBF qoʻmitasiga taqdim etiladi.

 

 

Natijalar haqida barcha nomzodlar 2026-yil 1-martga qadar xabardor qilinadi.

 

 

Elektron pochta: msd@rug.nl, study@rug.nl, prospectives@rug.nl

 

Vebsayt: https://www.rug.nl/education/s…