Xabaringiz bor, Prezidentning 2025-yil 19-martdagi PF-51-sonli Farmoniga ko‘ra, umumta’lim muassasalari xodimlarini 1-oktyabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan mukofotlash miqdori mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 75 foizigacha etib belgilangan edi.
Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori hozirda 1 271 000 so‘m bo‘lganligi sababli mukofot pulining maksimal chegarasi 953 250 so‘m ga teng bo‘ladi (lekin bu — maksimal miqdori, amalda maktab jamg‘armasining holatiga qarab kamroq ham bo‘lishi mumkin).
Ammo Mehnat kodeksining 299-moddasida belgilanishicha, intizomiy jazo amal qilayotgan davrda xodimga nisbatan rag‘batlantirish choralari qo‘llanilmaydi.
Xususan, mazkur moddaning beshinchi qismida:
“Intizomiy jazoning amal qilish muddati ichida xodimga nisbatan rag‘batlantirish choralari, shu jumladan mehnatga haq to‘lash tizimiga kirmaydigan va mehnat natijalariga asoslanmagan mukofotlar ham (bayramlar, shu jumladan kasb bayramlari, yubileylar munosabati bilan va hokazolar) qo‘llanilmaydi”, — deb aniq qayd etilgan.
Shu bois, bayramlar, jumladan kasb bayramlari yoki yubileylar munosabati bilan beriladigan mukofot pullari intizomiy jazo amal qilayotgan davrda xodimlarga to‘lanmaydi.
Demak, agar xodimga hayfsan intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan va u hali bekor qilinmagan bo‘lsa, 1-oktyabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan beriladigan mukofot puli unga berilmaydi.
Eslatib o‘tamiz , Mehnat kodeksida belgilangan tartibga muvofiq, intizomiy jazolar, jumladan hayfsan, qo‘llangan kundan e’tiboran bir yildan oshmagan muddatda amal qiladi. Agar shu davr ichida xodimga yangi jazo chorasi qo‘llanmasa, avvalgi jazo muddati tugagan hisoblanadi va xodim intizomiy jazoga tortilmagan deb e’tirof etiladi. Bundan tashqari, ish beruvchi o‘z tashabbusi bilan yoki xodimning o‘zi, uning bevosita rahbari yoki kasaba uyushmasi qo‘mitasining iltimosiga binoan hayfsanni muddatidan oldin ham bekor qilishi mumkin.
