O‘qituvchilar ayrim davlat bojlaridan ozod etiladi

O‘qituvchilar ayrim davlat bojlaridan ozod etiladi

Konstitutsiyaning 52-moddasida o‘qituvchining mehnati jamiyat va davlat taraqqiyoti, sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash hamda xalqning ma’naviy-madaniy salohiyatini boyitishning asosi sifatida e’tirof etilgan. Shu bois mamlakatimizda pedagoglarga bir qator imtiyozlar yaratilgan, ulardan biri davlat bojidan ozod etilishidir.

 

Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Imomali Tuyevning tushuntirishicha, “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq pedagoglar bir necha holatlarda davlat boji to‘lashdan ozod etiladi.

 

Qonunning 8-moddasi 5 prim 2-bandiga ko‘ra, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda o‘qituvchilar kasbiy faoliyati davomida o‘z sha’ni, qadr-qimmati va ishchanlik obro‘sini himoya qilish bilan bog‘liq ishlar yuzasidan davlat boji to‘lamaydi.

 

Shuningdek, qonunning 10-moddasi 19-bandiga asosan, agar pedagoglarning huquqlari buzilib, ular davlat organlari yoki mansabdor shaxslarning g‘ayriqonuniy qarorlari va harakatlaridan (harakatsizligidan) norozi bo‘lsa va ma’muriy sudga murojaat qilsa, bu hollarda ham davlat bojidan ozod etiladi.

 

Mazkur imtiyoz o‘qituvchilarning huquqlarini himoya qilishni osonlashtirish hamda ularning kasbiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.