Surxondaryo viloyatida joylashgan TISU nodavlat oliygohi davlat oliygohlariga test asosida yetarli ball toʻplab oʻqishini koʻchirib, aloqa xatini olib kelgan talabalarga kerakli hujjatlarni taqdim etmay qonunchilikni buzayotgani haqida xabarlar tarqaldi.
Yuqoridagi rasmda TISU rektori A.U.Sattarov tomonidan vazirlikka yuborilgani aytilayotgan huquqiy asosga ega boʻlmagan xat koʻrsatilgan va unda bir qancha notoʻgʻri maʼlumotlar keltirilgan, jumladan:
– xususiy oliygohlardan davlat oliygohiga oʻqishni koʻchirish transfer.edu.uz sayti orqali emas, my.uzbmb.uz sayti orqali amalga oshiriladi; (1-xato)
– TISU oliygohidan davlat oliygohga oʻqishni koʻchirishda saytga yuklangan hujjatlarga TISU emas davlat oliygohi xulosa beradi. Yaʼni bu yerda oliygoh vakolatida boʻlmagan jarayonga aralashmoqda. TISUning majburiyati aloqa xati olib kelgan talabaga kerakli hujjatlarni taqdim etish. (2-xato)
– Vazirlar Mahkamasining 393-sonli qarorida koʻrsatilgan 15-iyuldan 5-avgustga qadar koʻrsatilgan muddat – talabalarning davlat oliygohiga oʻqishni koʻchirish uchun platformaga ariza topshirish muddati hisoblanadi. TISU asossiz va noqonuniy talab qoʻygan. (3-xato)
– xususiy oliygohlarda oʻqishni koʻchirish va qabul jarayonlari 30-sentabrga qadar davom etadi. TISUning bundan xabari yoʻqmi, axir oʻzi ham “perevodchilar”ni qabul qilyaptiku?! (4-xato)
– nafaqat TISU boshqa davlat va nodavlat oliygohlari ham aloqa xati bilan kelgan talabaga soʻralgan hujjatlarni taqdim etmaslikka haqqi yoʻq. Bu talabaning konstitutsion huquqlari buzilishi hisoblanadi. (5-xato)
– bu oʻqishni koʻchirish jarayonlari bilan bogʻliq holat oddiy masala hisoblanib, vazirlikkacha xat bilan murojaat qiladigan jarayon emas. Qabul masalalarida huquqiy savodxonligi mavjud kadrlarni qoʻyish maqsadga muvofiq. (6-xato)
– yuqoridagi xatda bilinib turibdiku, TISU talabalarga atay tasdiqlanmagan transkript taqdim etgan. Bu orqali ularni oʻqishini koʻchirilishi davlat oliygohlari tomonidan rad etilishi kutilgan, biroq ssenariy oʻzgarib ketgan. (7-xato)
– TISU jarayonni choʻzish orqali talabalarning oʻqishini koʻchirishlariga bilib yoki bilmay sunʼiy toʻsiq yaratmoqda. Sababi xususiy oliygohlarda HEMIS platformasida 1-oktabrda yopiladi. Shu vaqtgacha amallab jarayon choʻzib olinsa, talabalar avtomatik ravishda oʻqishini koʻchira olmay qolishi mumkin. (8-xato)
– TISUning boshqa oliygohlarning qabul jarayonlariga aralashishga haqqi yoʻq. Demak xatda boshqa oliygohlar qabuli haqidagi “arzlar”i mutlaqo notoʻgʻri. (9-xato)
– xususiy oliygoh boʻlib TISU bu haqida vazirlikdan xulosa olishi kerak emas. Bu mustaqil oʻzi hal qiladigan jarayon. Demak oliygoh mutasaddilari yo qonunchilikdan bexabar yoki shunchaki talabalarni tinchlantirish uchun bu xat taqdim etilgan. (10-xato)
Eslatma! TISU xususiy oliygohining bu harakatlari – qonunchilikni bilmaslik yoki atay qilinayotgani nomaʼlum, biroq ularning xatti-harakatlarida qonun buzilish holatlari mavjud. Qonunni bilmaslik esa javobgarlikdan ozod qilmaydi.
Hozircha ushbu holat yuzasidan vazirlik rasmiy munosabat bildirmadi. Taqdim etilishi bilan, xabar beramiz.
