Oʻzbek tilining mamlakatimiz ijtimoiy hayotidagi nufuzini oshirish, uni xalqaro miqyosda keng targʻib qilish hamda davlat tilining toʻlaqonli joriy etilishini ta’minlash maqsadida yangi tanlov start oldi.
Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti hamda Oʻzbek tilini rivojlantirish jamgʻarmasi tashabbusi bilan oʻtkazilayotgan tanlov “Jonajon oʻzbek tilim” deb nomlanadi.
Tanlov quyidagi yoʻnalishlarda boʻlib oʻtadi:
– oʻzbek tilining xususiyatlari, muammolari va yechimlarini yorituvchi eng yaxshi ilmiy tadqiqot;
– oʻzbek tilini raqamlashtirishga qaratilgan eng yaxshi dasturiy mahsulot;
– tilning boy imkoniyatlarini tarannum etuvchi eng yaxshi badiiy-ijodiy asar;
– davlat tili mavzusida OAVda chop etilgan eng yaxshi material;
– oʻzbek tili targʻibotiga bagʻishlangan eng yaxshi videorolik;
– tilni xalqaro miqyosda ommalashtirishga xizmat qiluvchi eng yaxshi amaliy ish;
– oʻzbek tiliga mehr qoʻygan xorijlik doʻstlar tomonidan yaratilgan eng yaxshi ilmiy-ijodiy ish.
Ishtirok etish tartibi
Tanlovda yakka tartibda yoki jamoa boʻlib qatnashish mumkin. Nomzodlar oʻzlari haqidagi maʼlumotlarni (F.I.O., ish yoki oʻqish joyi) hamda ilmiy-ijodiy ishining elektron nusxasini Oʻzbek tilini rivojlantirish jamgʻarmasiga, rasmiy elektron pochta manzili: uztilijamgarma@umail.uz yoki @Jonajontilim_bot Telegram orqali 5-oktabrgacha yuborishlari kerak.
Mukofotlar
Tanlov gʻoliblari bazaviy hisoblash miqdorining 50 barobari miqdoridagi pul mukofoti, diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlanadi. Mukofot topshirish marosimi 21-oktabr – Oʻzbek tili bayrami kuni arafasida boʻlib oʻtadigan tadbirlar doirasida oʻtkaziladi.
