Sirdaryo viloyati Xovos tumanidagi 9-maktabda o‘qituvchilar kapital ta’mir jarayonida ta’mirlash va obodonlashtirish ishlariga jalb qilingani haqida murojaat qilishgan.
Murojaat qilgan matematika o‘qituvchisining aytishicha, u 11-avgust kuni ta’tilidan qaytib, 31-avgustgacha ta’miri tugallanmagan maktabga har kuni kelishga majbur bo‘lgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, direktor “ishga kelmaganlarga ish haqi yozilmaydi” deb pedagoglarni ogohlantirgan.
“Bu ish noto‘g‘ri ekanini yaxshi bilardim. Lekin direktor yo‘qlama qilinishini, kelmaganlarga maosh yozilmasligini aytgach, majburan maktabda ishlashga majbur bo‘ldim”, – deya ta’kidlagan o‘qituvchi.
27-avgust kuni olingani aytilgan videolarda ham pedagoglar daraxt oqlash, yer chopish kabi o‘qituvchilik kasbiga aloqasi bo‘lmagan ishlarni bajarayotgani aks etgan. Shuningdek, internetda 39 soniyalik audio yozuv ham tarqalgan. Unda direktor o‘qituvchilarni maktabni tozalashga chorlagani eshitiladi:
“Soat 9 dan o‘tyapti, ish joylaringizga telefon qilib chaqirishim kerakmi? Kelib o‘z ishingizni qilinglar, maktabni tozalaylik. Shaxsiy ishlaringizni ta’tilda qilasizlar”, – deyiladi audioyozuvda.
Bu masala yuzasidan Sirdaryo viloyat hokimi Erkinjon Turdimov holatni tuman hokimi, MMTB, maktab direktori hamda o‘qituvchi bilan muhokama qilgan. Yakunda hokim Ulug‘bek Yo‘ldoshevga hayfsan bergan, ish beruvchi tomonidan MMTB mudiriga intizomiy jazo berilishi, direktorning egallab turgan lavozimiga loyiqligi masalasi ko‘rib chiqilishi belgilangan.
Hokimlik xabariga ko‘ra, direktor maktabga yaqinda rahbar sifatida tayinlanganini, muassasada sog‘lom muhit to‘liq shakllanmaganini, guruhbozlik holatlari kuzatilayotganini va dars taqsimoti bo‘yicha murojaatchi tomonidan e’tirozlar bildirilganini bayon etgan.
Muhokama yakunida tuman hokimiga ta’lim muassasalarida yetarli nazorat o‘rnatmagani va zaruriy targ‘ibot-tashviqot ishlarini samarali olib bormagani uchun hayfsan berilgan.
Ish beruvchi tomonidan tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mudiriga intizomiy jazo berilishi, 9-maktab direktorining egallab turgan lavozimiga loyiqligi masalasi ko‘rib chiqilishi belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, avgust oyi boshida Bandlik vazirligi respublika bo‘yicha “Majburiy mehnatga qarshi kurashish haftaligi”ni e’lon qilgan edi. Biroq uning natijalari hali ochiqlanmagan. Shuningdek, Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov ham bu borada keskin munosabat bildirgan. Unga ko‘ra, majburiy mehnatga jalb qilgan rahbar ham, unga bo‘ysungan xodim ham lavozimidan ozod qilinishi kerak.
