Umumiy oʻrta taʼlim maktablari psixologlari malakasi oshirildi

Umumiy oʻrta taʼlim maktablari psixologlari malakasi oshirildi

Joriy yilning 20-21-avgust kunlari poytaxtimizdagi Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universitetida Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamkorligida umumiy oʻrta taʼlim maktablari psixologlari uchun tashkil etilgan oʻquv-seminar o‘tkazildi.

 

 

Ikki kun davomida o‘tkazilgan mashg‘ulotlarga O‘zbekistonning turli hududlaridan 220 nafar yetakchi trener-psixologlar jalb etilgan. Ularga sohada ulkan tajribaga ega bo‘lgan 18 nafar trenerlar o‘z bilim va tajribalari bilan bo‘lishdi.

 

Umumiy oʻrta taʼlim maktablari psixologlari malakasi oshirildi

 

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad maktab psixologlarining kasbiy bilim va koʻnikmalarini zamonaviy ilmiy yondashuvlar, innovatsion metodlar hamda amaliy psixologiya tajribasi bilan boyitish, jumladan:

 

– Oʻquvchilarning yosh va individual psixologik xususiyatlarini aniqlash va hisobga olish usullarini qoʻllash;

 

– Stress, konflikt va inqirozli vaziyatlarda samarali psixologik yordam koʻrsatish strategiyalarini oʻrganish;

 

– Ota-onalar va pedagoglar bilan konstruktiv muloqot olib borish koʻnikmalarini rivojlantirish;

 

– Taʼlim jarayonida motivatsiyani oshirish va ijobiy psixologik muhit yaratishdan iborat.

 

Umumiy oʻrta taʼlim maktablari psixologlari malakasi oshirildi

 

O‘quv seminarining birinchi kunida ishtirokchilarga psixologik xizmat koʻrsatishning normativ hujjatlari bilan ishlash, diagnostika va uning turlari, “Raqamli resurslari va xizmatlari” portalida ishlash, shuningdek, maktab psixologi faoliyatiga oid diagnostik instrumentlar, deviantologiya asoslari bo‘yicha ma’lumotlar berilgan.

 

 

Bundan tashqari, tadbir doirasida psixologlar uchun ertak terapiyasi, redjio pedagogika va art terapiya bo‘yicha ko‘rgazmali xonalar tashkil etilgan.

 

 

Birinchi kun yakunida Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri hamda maktab psixologlari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muloqot davomida mutasaddilar va mutaxassislar o‘rtasida maktablarda ta’lim muhitini yana yaxshilash, o‘qituvchilarning va maktab psixologlarining kasbiy motivatsiyasini oshirishga doir qator masalalar muhokama qilingan.

 

 

 

Mashg‘ulotlarning ikkinchi kunida esa ishtirokchilar “Korreksiya va korreksion metodikalar”,”Ota-onalar bilan hamkorlik. Ota-onalar majlislari ssenariylari”, “Profilaktika: kasbiy va hissiy soʻnish, stresslarga bardoshlilik” hamda “Taʼlim ishtirokchilari uchun treninglarni shakllantirish” kabi mavzularda bilim va tajribalarini oshirish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

 

Umumiy oʻrta taʼlim maktablari psixologlari malakasi oshirildi

 

2 kunlik seminar yakunida barcha ishtirokchilar va trenerlar tegishli sertifikatlar bilan taqdirlandi.