Bilim va malakalarni baholash agentligining ma’lum qilishicha, OTMga kirish test sinovlari natijasidan norozi bo‘lgan abituriyentlar apellyatsiya arizalarini berish my.uzbmb.uz saytida (shaxsiy kabineti orqali) onlayn tarzda 15-avgustdan 24-avgustga qadar (10 kun davomida) davom etadi.
Apellyatsiya shikoyati bergan abituriyentga apellyatsiya kuni va vaqti haqida xabarnoma yuboriladi. Abituriyent xabarnomada belgilangan kunda pasporti va abituriyent ruxsatnomasi bilan kelishi shart.
Eslatma! Abituriyent apellyatsiya shikoyati berishi uchun test sinovida ishtirok etgan va test sinovidan chetlatilmagan bo‘lishi lozim.
Apellyatsiya shikoyati ko‘rilayotgan abituriyentga uning javoblar varaqasi nusxasi, test topshiriqlari kitobi va apellyatsion karta beriladi.
Taqdim etilgan hujjatlar asosida abituriyent o‘zining har bir noto‘g‘ri deb hisoblangan test topshirig‘iga javoblarini yozma ravishda bayon qiladi va qabul qilib olgan barcha test materiallari bilan birga apellyatsiya komissiyasiga taqdim etadi.
Apellyatsiya shikoyati maxsus komissiyasi tomonidan abituriyent ishtirokida, uning yozma javoblari asosida ko‘rib chiqiladi. Abituriyentning yozma javoblari o‘z tasdig‘ini topmagan bo‘lsa, apellyatsiya komissiyasi test sinovlari natijalarini o‘zgarishsiz qoldiradi.
Abituriyent apellyatsiya komissiyasining qaroridan norozi bo‘lgan taqdirda qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda sudga shikoyat qilishi mumkin. Alohida ta’kidlash lozimki, apellyatsiya jarayonida abituriyent uchun qayta test sinovi o‘tkazilmaydi!
Agentlik belgilangan tartib asosida barcha e’tirozlarni ko‘rib chiqishga va tegishli tartibda javob qaytarishga tayyorligini ma’lum qildi. Abituriyentlardan e’tirozlari yuzasidan o‘rnatilgan tartibda murojaat qilishlari so‘raladi.
Eslatma! Apellatsiya shikoyatlarini ko‘rib chiqish 2025-yil 21-avgustdan boshlanadi.
