Masofaviy taʼlim shaklida oʻqish tartibi qanday?

Masofaviy taʼlim shaklida oʻqish tartibi qanday?

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 3-oktabrdagi 559-son qaroriga ko‘ra, oliy ta’limda masofaviy ta’lim shakli joriy etilgan. Mazkur shakl bo‘yicha o‘qitish va bilim baholash jarayonlari to‘liq raqamli platformalar orqali olib boriladi.

 

Masofaviy ta’lim faqat kunduzgi ta’lim shaklida mavjud bo‘lgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari asosida tashkil etiladi. Bunda bir yo‘nalishga qabul qilinadigan talabalar soni bakalavriat uchun 300 nafardan, magistratura uchun 30 nafardan oshmasligi kerak.

 

Oliy ta’lim tashkiloti masofaviy ta’limni tashkil etish uchun bir qator texnik va tashkiliy shartlarga javob berishi lozim. Xususan, ta’lim jarayoni maxsus o‘quv platformasi — Learning Management System (LMS) orqali tashkil etiladi. Bu platformada talabalar uchun dars jadvali, o‘quv fanlari, topshiriqlar va ularning baholash natijalari joylashtiriladi. Shuningdek, platforma avtomatik monitoring va identifikatsiya tizimlariga ega bo‘lishi shart.

 

Masofaviy ta’limda o‘quv mashg‘ulotlari sinxron (real vaqt rejimida) va asinxron (oldindan yozib olingan) shakllarda olib boriladi. Yakuniy nazorat turlari, davlat attestatsiyasi va bitiruv malakaviy ishi himoyasi esa an’anaviy, ya’ni yuzma-yuz shaklda o‘tkaziladi.

 

Dars berayotgan professor-o‘qituvchilar soni va talaba soni o‘rtasidagi nisbat 1:50 dan oshmasligi belgilangan. Bu o‘qituvchining har bir talabaga yetarli e’tibor qaratishini ta’minlash maqsadida joriy etilgan.

 

Masofaviy ta’lim shakli faqat to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi. O‘qitish narxlari vazirliklar yoki oliy ta’lim muassasasi kuzatuv kengashi tomonidan belgilanadi. Davlat grantlari masofaviy ta’lim shakliga tatbiq etilmaydi.

 

Qarorda oliy ta’lim muassasalarining infratuzilmasiga qo‘yiladigan talablar ham aniq belgilangan. Jumladan, uzluksiz yuqori tezlikdagi internet, serverlar, maxsus videodarslar va raqamli kontent, shuningdek, texnik xizmat ko‘rsatish xodimlari mavjud bo‘lishi kerak.

 

Masofaviy ta’lim shaklida o‘qishga qabul qilingan talaba qanday  hollarda oliy ta’lim tashkilotiga shaxsan tashrif buyurishi shart?

 

– o‘quv jarayoni boshlanishidan avval — masofaviy ta’limni boshqarish bo‘yicha dasturiy ta’minot — LMS platformasida ro‘yxatdan o‘tish uchun;

– har semestr yakunida — yakuniy nazorat topshirish o‘tish uchun.

–  yakuniy davlat attestatsiyasi, bitiruv malakaviy va magistrlik ishi himoyasi bevosita oliy ta’lim tashkilotida an’anaviy tarzda amalga oshiriladi, ularni sinxron yoki asinxron rejimida qabul qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

 

Mazkur bandda nazarda tutilgan talablar xorijiy davlat fuqarosi bo‘lgan talabaga nisbatan tatbiq etilmaydi.

 

Muhim! Ish faoliyatini masofaviy ta’lim bilan qo‘shib olib borayotgan talabalarga semestr oxirida yakuniy baholashdan o‘tish, bitiruvchilarga esa yakuniy davlat attestatsiyasini topshirish, bitiruv malakaviy va magistrlik ishini himoya qilish uchun kamida 15 kalendar kun muddatga ish haqi saqlangan holda ta’til beriladi.

 

Masofaviy shaklda o‘qitish uchun talabalarni ta’lim tashkilotiga qabul qilish, ularning o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish boshqa ta’lim shakllari uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

 

Masofaviy ta’lim shaklining o’qish davomiyligi qancha?

 

Masofaviy ta’lim bo‘yicha o‘qish davomiyligi tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va magistratura mutaxassisligi bo‘yicha kunduzgi ta’lim shakli uchun belgilangan o‘qish davomiyligi muddatidan kam bo‘lishi mumkin emas. Ya’ni, kunduzgi ta’lim shakli bilan bir xil davomiylikda olib boriladi.

 

Joriy yilda qaysi universitetlarning qaysi yo’nalishlarida masofaviy ta’lim shakliga qabul ochildi?

 

2025/2026-o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalari bakalavriatining masofaviy ta’lim shakliga umumiy qabul parametrlarining ta’lim yo‘nalishlari va o‘qitish tillari bo‘yicha taqsimoti tasdiqlangan. Ular quyidagicha taqsimlandi:

 

Republika bo’yicha umumiy 18 195 ta o’rin, shulardan o’zbek guruhlarga 16 000, rus tilidagi guruhlar uchun 1 780 va qoraqalpoq tilidagi guruhlar uchun 425 ta o’rin ajratilgan. Batafsil quyidagi jadvalda ko’rib olish mumkin.

 

Eslatma! Oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarining ikkinchi, ya’ni tanlov bosqichi 8-avgust kuni yakunlanadi. Tanlovni amalga oshirmagan abituriyentlar o’qishga qabul qilinmaydi.