Chet tili oʻqituvchilarini ishdan boʻshatish boʻyicha rasmiy koʻrsatma berilmagan — vazirlik

Chet tili oʻqituvchilarini ishdan boʻshatish boʻyicha rasmiy koʻrsatma berilmagan — vazirlik

Kasaba uyushmasi B2 sertifikatiga ega boʻlmagan chet tili oʻqituvchilarini ishdan bo’shatmaslik haqida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga xat bilan murojaat qilgan edi. Ushbu murojaat xatiga vazirlik javob berdi. Xatda vazirlik tomonidan hududiy boshqarmalar va tizim tashkilotlariga joriy oʻquv yilidan boshlab V2 sertifikatiga ega boʻlmagan xorijiy tillar oʻqituvchilarini ishdan boʻshatish boʻyicha rasmiy koʻrsatma berilmaganligi aytilgan.

 

«Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi 10-moddasiga koʻra, mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Kodeksdan hamda yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarni va ular bilan bevosita bogʻliq boʻlgan ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.

 

Mazkur kodeksning 19-moddasida, xodim va ish beruvchi yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarning subyektlari ekanligi belgilangan. Shunga muvofiq, Mehnat kodeksida, boshqa qonunlarda nazarda tutilgan tartibda va shartlar asosida mehnat shartnomasini tuzish, oʻzgartirish hamda bekor qilish bevosita yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarning subyektlari oʻrtasida hal etilishi lozim.

 

Oʻzbekiston Respublikasi «Taʼlim toʻgʻrisida»gi qonunining 23-moddasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi taʼlim sohasidagi yagona davlat siyosatini amalga oshiradi.

 

Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-maydagi «Xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirishni samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida» 312-son qarorining 9-bandiga muvofiq, 2025/2026-oʻquv yiliga qadar umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va professional taʼlim muassasalarida faoliyat yuritayotgan barcha xorijiy tillar oʻqituvchilari kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega boʻlishi lozimligi belgilangan.

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining taklifiga koʻra, joriy yilning avgust oyida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan xorijiy til oʻqituvchilar uchun chet tilini bilish darajasini aniqlash boʻyicha qoʻshimcha test sinovlari tashkil etish choralari koʻrilmoqda.

 

Oʻquvchilarga sifatli taʼlim berilishi va til bilish koʻnikmalarini lozim darajada egallashlari uchun ularga taʼlim beradigan pedagoglarning bilim darajasi (shu bilan birga til bilish darajasining asosi sifatida tegishli sertifikatga ega boʻlishi) yetarli boʻlishi lozimligi muhim ahamiyatga ega.

 

Shuningdek, vazirlik tomonidan hududiy boshqarmalar va tizim tashkilotlariga joriy oʻquv yilidan boshlab xorijiy tillarni oʻzlashtirish darajasi boʻyicha kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega boʻlmagan xorijiy tillar oʻqituvchilari bilan tuzilgan mehnat shartnomalarini bekor qilish yuzasidan rasmiy koʻrsatma berilmaganligi maʼlum qilinadi», – deyiladi vazirlik xatida.