Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2020-yil 30-iyunda 3271- raqami bilan roʻyxatdan oʻtkazilgan «Umumtaʼlim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya roʻyxatlarini shakllantirish tartibi toʻgʻrisida’’ gi nizomga muvofiq, har yili 15-sentyabrga qadar oʻqituvchilarga dars soatlari ma’lum bir koʻrsatkichlarning ustuvor ketma-ketligi asosida taqsimlanadi.
Ushbu qarorning 15-bandiga ko’ra, umumtaʼlim muassasalari tomonidan shakllantirilgan dars soatlari setkasi umumtaʼlim muassasasining pedagogik kengashi tomonidan ikki ish kuni ichida koʻrib chiqilib, har yili 15-sentyabrga qadar oʻqituvchilarga dars soatlari quyidagi koʻrsatkichlarning ustuvor ketma-ketligi asosida taqsimlanadi:
– xalqaro olimpiadalar gʻoliblarini tayyorlagan oʻqituvchilar;
– oʻqituvchi boʻlib faoliyat yuritayotgan xalqaro olimpiadalar gʻoliblari;
– chet tili va STEAM fanlaridan mutaxassisligi boʻyicha xalqaro sertifikatlarga ega oʻqituvchilar (TESOL Level 5, CEFR B2, IELTS 6 va undan yuqori, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan belgilanadigan boshqa sertifikatlar);
– TOP-1000 universitetlar reytingiga kiradigan dunyoning yetakchi universitetlarini bitirgan oʻqituvchilar;
– asosiy olimpiadalarning respublika bosqichi gʻoliblarini tayyorlagan oʻqituvchilar;
– oʻqituvchi boʻlib faoliyat yuritayotgan asosiy olimpiadalarning respublika bosqichi gʻoliblari;
– respublika bosqichidagi koʻrik tanlovlarda (yil oʻqituvchisi) sovrinli oʻrinlarga ega boʻlgan oʻqituvchilar;
– oliy malaka toifasiga ega oʻqituvchilar;
– birinchi malaka toifasiga ega oʻqituvchilar;
– asosiy olimpiadalarning viloyat va tuman bosqichi gʻoliblarining oʻqituvchilari;
– ikkinchi malaka toifaga ega oʻqituvchilar;
– pedagogik yoʻnalish boʻyicha magistr darajasiga ega oʻqituvchilar;
– oliy maʼlumotli toifasiz oʻqituvchilar;
– qayta tayyorlash boʻyicha diplomga ega oʻqituvchilar;
– oliy taʼlim muassasalarining pedagogik yoʻnalish boʻyicha bitiruvchi bosqich talabalari;
Umumtaʼlim muassasasining pedagogik kengashi tomonidan dars soatlari qayta taqsimlanishi mumkin.
