Abituriyentlar tanlov bosqichida yo’nalish va OTMlar tanlayotgan paytda ularga maqsadli yoki maqsadsiz qabulda ishtirok etish yoki etmasligi haqida so’ralmoqda. Maqsadli va maqsadsiz tanlov o’zi nima? Bularning farqi nimada? Qay birini tanlaganda o’qishga grant asosida kirish ehtimoli yuqoriroq bo’ladi?
Kimlar maqsadli qabulda qatnashishi mumkin?
Maqsadli qabul kvotalari har yili hukumat tomonidan tasdiqlanadi va u ma’lum viloyat, shahar yoki tumanlar kesimida taqsimlanadi. Bunda ayrim hududlarda ba’zi sohalar bo’yicha kadr yetishmasligi yoki shu soha vakillariga nisbatan talab yuqoriligidan kelib chiqib maqsadli kvota ajratiladi. Masalan, ayrim hududlarda shifokor, o’qituvchi va shu kabi boshqa kadrlar yetishmasligi natijasida davlat tomonidan qo’shimcha kvota belgilanadi va shu hududda yashovchi abituriyentlar bu imkoniyatdan foydalanishlari mumkin.
Bu kvotalar faqatgina:
– O‘sha hududda doimiy ro‘yxatda turadigan, ya’ni propiskasi bor bo‘lgan;
– shu hududdagi maktab yoki kollejda o‘qib, rasmiy hujjatga ega bo‘lgan abituriyentlar uchun amal qiladi.
Demak, boshqa viloyatda yashaydigan yoki boshqa joyda o‘qiganlar bu kvotada ishtirok eta olmaydi.
Kvotalar qanday belgilanadi?
Maqsadli qabul doirasida joylar ixtisosliklar bo‘yicha taqsimlanadi. Masalan, sog‘liqni saqlash, ta’lim, veterinariya yoki boshqa sohalarga ehtiyoj yuqori bo‘lgan hududlarga ajratilgan yo‘nalishlar asosida tanlov o‘tkaziladi. Har bir yo‘nalishdagi o‘rinlar esa viloyat yoki tumanlar bo‘yicha ajratiladi. Bu, o‘z navbatida, hududiy muvozanatni saqlashga xizmat qiladi. Joriy yilda quyidagi yo’nalishlarga maqsadli qabul kvotasi ajratiladi:
Maqsadli qabul tanlovi qanday ishlaydi?
Abituriyent onlayn ariza topshirish vaqtida maqsadli qabulni tanlashi mumkin. Bu tanlov unga ikkita imkoniyat yaratadi:
-
Hududiga ajratilgan maxsus kvotada ishtirok etish
-
Umumiy tanlovda qatnashish
Agar abituriyent maqsadli kvota uchun yetarli ball to‘plasa — u davlat granti asosida talaba bo‘ladi. Aks holda, umumiy reytingga ko‘ra, boshqa abituriyentlar bilan birga baholanadi.
Ushbu tizimning afzalliklari
Maqsadli qabul bir necha jihatdan abituriyent uchun qulaylik yaratadi:
– Raqobat umumiy tanlovga nisbatan pastroq bo‘ladi.
– Odatda, kamroq ball bilan grant yutib olish imkoniyati mavjud.
– Hududiy kadrlar taqchilligini bartaraf etish orqali, abituriyent o‘z hududida barqaror ish topishi mumkin.
Maqsadli tanlov qanday majburiyat yuklaydi?
Maqsadli qabul orqali o‘qishga kirgan talabaga o‘qishni boshqa OTMga ko‘chirish (perevod) taqiqlanadi. Bu talab davlat tomonidan qat’iy nazorat qilinadi. Shuningdek, talaba o‘qishni tamomlagach, kamida 5 yil davomida o‘z hududida ishlashi shart. Aks holda, grant asosida o‘qish xarajatlari davlatga qaytariladi.
Maqsadli qabul abituriyent uchun muhim imkoniyat bo‘lishi mumkin. Ayniqsa, yuqori ball to‘play olishiga ishonchi past bo‘lgan, ammo o‘z hududida qolib ishlashga tayyor abituriyentlar uchun bu yaxshi strategik tanlov. Shu bilan birga, o‘qish davomidagi va undan keyingi majburiyatlarni ham unutmaslik kerak. Tanlov qilishdan avval o‘zingizdan so‘rang: “Men 5 yil o‘sha hududda ishlashga tayyormanmi?” Javob ijobiy bo‘lsa, bu siz uchun mos yo‘nalish.
