Kasaba uyushmasi sertifikati yo’q o’qituvchilarni ishdan bo’shatishga qarshi vazirlikka xat yozdi

Kasaba uyushmasi sertifikati yo’q o’qituvchilarni ishdan bo’shatishga qarshi vazirlikka xat yozdi

O‘zbekiston Ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi xorijiy tillar fani o‘qituvchilari bilan tuzilgan mehnat shartnomalarining B2 darajadagi til sertifikatiga ega emasligi sababli bekor qilinayotganidan norozi bo‘lib, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga rasmiy murojaat yubordi.

 

Murojaatda ta’kidlanishicha, 2021 yilda qabul qilingan hukumat qarorlariga binoan, xorijiy tillar o‘qituvchilaridan 2025/2026-o‘quv yiliga qadar kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro til sertifikatiga ega bo‘lish talabi qo‘yilgan. Biroq, mazkur talab pedagogning lavozimga tayinlanishi uchun asosiy shart emas, balki qo‘shimcha talab sifatida belgilangan.

 

Kasaba uyushmasi mazkur talab bajarilmagan taqdirda o‘qituvchining mehnat shartnomasini bekor qilish qonunga zid ekanini qayd etadi. Mehnat kodeksining 8-moddasiga ko‘ra, hech bir normativ-huquqiy hujjat xodimning huquqiy holatini yomonlashtirishi mumkin emas. Shuningdek, 2023–2025 yillar uchun tuzilgan Tarmoq jamoa kelishuvida ham sertifikat yo‘qligi sababli ishdan bo‘shatish mumkin emasligi aniq belgilangan.

 

Kasaba uyushmasi quyidagi choralarni ko‘rishni so‘rab murojaat yo‘lladi:

 

Hududiy tashkilotlar va ish beruvchilarga B2 sertifikatisiz o‘qituvchilar bilan tuzilgan shartnomalarni bekor qilish amaliyotini zudlik bilan to‘xtatish bo‘yicha ko‘rsatma berish;

 

Vazirlar Mahkamasining 312-son qaroriga zarur huquqiy o‘zgartishlar kiritish;

 

Mazkur qonunga zid ko‘rsatmalar bergan mutasaddi va ish beruvchilarga nisbatan intizomiy chora ko‘rish;

 

O‘qituvchilarga nisbatan har qanday kamsituvning oldini olish.

 

Kasaba uyushmasi, shuningdek, vazirlikdan mazkur masala bo‘yicha ko‘rilgan choralarni rasmiy sahifalar orqali jamoatchilikka yetkazishni va qisqa fursat ichida axborot berishni so‘radi.

 

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq, bakalavr diplomi mavjud bo‘lgan pedagoglar to‘liq mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega hisoblanadi.

Kasaba uyushmasi sertifikati yo'q o'qituvchilarni ishdan bo'shatishga qarshi vazirlikka xat yozdi Kasaba uyushmasi sertifikati yo'q o'qituvchilarni ishdan bo'shatishga qarshi vazirlikka xat yozdi Kasaba uyushmasi sertifikati yo'q o'qituvchilarni ishdan bo'shatishga qarshi vazirlikka xat yozdi