Kecha, 29-iyul kuni Telegramdagi botlar orqali Ixtisoslashgan maktablarga hujjat topshirgan oʻquvchilarning natijalari eʼlon qilindi. Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarda ayrim yuqori ball toʻplagan talabgorlarning qabul qilinmaganligi, aksincha, kamroq ball olganlarning tavsiya etilganligi haqidagi xabarlar tarqalgani kuzatilgan.
Holatga Ixtisoslashtirilgan maktablar agentligi sobiq matbuot kotibi Joʻrabek Jangirov munosabat bildirib, imtihon natijalarini bilish uchun tashlangan bot agentlik tomonidan oʻchirilganini va mavjudlari esa ishlamayotganini maʼlum qilgan.
“Hozircha botlardagi natijalar notoʻgʻri boʻlishi mumkin. Hozirgi natijalarga ishonib xursand yoki xafa boʻlib yurmang”, — deb yozgan Joʻrabek Jangirov.
Hozirda har ikki post ham uning sahifasidan oʻchirilgan.
Ushbu xabarlardan so’ng, Ixtisoslashgan maktablar agentligi ijtimoiy tarmoqlarda Tayanch va hududiy ixtisoslashtirilgan maktablarga qabul imtihonlari boʻyicha rasman tasdiqlanmagan maʼlumotlar tarqalayotganini tasdiqlagan.
“Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi imtihon natijalarini bugun kunning ikkinchi yarmida rasmiy sahifalari orqali eʼlon qilinishini maʼlum qiladi”, deyiladi rasmiy xabarda.

