2025/2026-oʻquv yili uchun respublika oliy taʼlim muassasalari bakalavriatining kunduzgi taʼlim shakli boʻyicha davlat granti asosidagi qabul koʻrsatkichlari doirasida maktab taʼlimi sohasida oliy maʼlumotli kadrlarga ehtiyoj yuqori boʻlgan hududlar uchun maqsadli qabul parametrlarining taʼlim yoʻnalishlari va tuman (shahar)lar kesimidagi taqsimoti tasdiqlandi.
Maqsadli qabul – bu o‘z hududida yuqori malakali kadrlar tayyorlash maqsadida tashkil etilgan maqsadli qabul tizimi ko‘plab abituriyentlar uchun qo‘shimcha imkoniyatdir. Shu bilan birga, bu yo‘lni tanlaganlar oldida ayrim shart-sharoitlar va cheklovlar ham mavjud.
Maqsadli qabulni tanlagan abituriyent mazkur taʼlim yo‘nalishi bo‘yicha ham maqsadli (abituriyentning doimiy yashash hududi uchun maqsadli qabul parametrlari ajratilgan bo‘lsa), ham umumiy tanlovda ishtirok etadi.
Maqsadli qabulni tanlamagan abituriyent esa mazkur taʼlim yo‘nalishi bo‘yicha umumiy tanlovda ishtirok etadi.
Joriy yil uchun Respublika bo‘yicha maktab taʼlimi sohasiga 626 ta kvota ajratilgan.
Ushbu taqsimot hujjati bilan tanishish
Kimlar maqsadli qabulda qatnashishi mumkin?
Maqsadli qabul kvotalari har yili hukumat tomonidan tasdiqlanadi va u ma’lum viloyat, shahar yoki tumanlar kesimida taqsimlanadi. Bu kvotalar faqatgina:
– o‘sha hududda doimiy ro‘yxatda turadigan, ya’ni propiskasi bor bo‘lgan;
– shu hududdagi maktab yoki kollejda o‘qib, rasmiy hujjatga ega bo‘lgan abituriyentlar uchun amal qiladi.
Demak, boshqa viloyatda yashaydigan yoki boshqa joyda o‘qiganlar bu kvotada ishtirok eta olmaydi.
Kvotalar qanday belgilanadi?
Maqsadli qabul doirasida joylar ixtisosliklar bo‘yicha taqsimlanadi. Masalan, sog‘liqni saqlash, ta’lim, veterinariya yoki boshqa sohalarga ehtiyoj yuqori bo‘lgan hududlarga ajratilgan yo‘nalishlar asosida tanlov o‘tkaziladi. Har bir yo‘nalishdagi o‘rinlar esa viloyat yoki tumanlar bo‘yicha ajratiladi. Bu, o‘z navbatida, hududiy muvozanatni saqlashga xizmat qiladi.
Maqsadli qabul tanlovi qanday ishlaydi?
Abituriyent onlayn ariza topshirish vaqtida maqsadli qabulni tanlashi mumkin. Bu tanlov unga ikkita imkoniyat yaratadi:
1.Hududiga ajratilgan maxsus kvotada ishtirok etish
2.Umumiy tanlovda qatnashish
Agar abituriyent maqsadli kvota uchun yetarli ball to‘plasa — u davlat granti asosida talaba bo‘ladi. Aks holda, umumiy reytingga ko‘ra, boshqa abituriyentlar bilan birga baholanadi.
Ushbu tizimning afzalliklari
Maqsadli qabul bir necha jihatdan abituriyent uchun qulaylik yaratadi:
– Raqobat umumiy tanlovga nisbatan pastroq bo‘ladi.
– Odatda, kamroq ball bilan grant yutib olish imkoniyati mavjud.
– Hududiy kadrlar taqchilligini bartaraf etish orqali, abituriyent o‘z hududida barqaror ish topishi mumkin.
Eslatma: maqsadli qabul asosida o‘qishga qabul qilingan abituriyentlarga oliy ta’lim muassasasini tamomlagandan so‘ng tegishli hududda 5 yil ishlab berish majburiyati yuklanadi.

