Kecha, 17-iyul kuni OpenAI kompaniyasi ChatGPT sun’iy intellekti uchun navbatdagi innovatsion funksiyani ishga tushirdi. “Agent rejimi” deb nomlangan ushbu yangi imkoniyat ChatGPT’ga foydalanuvchi topshirig‘ini mustaqil ravishda bajarishga ruxsat beradi.
Yangi “agent rejimi”, bosqichma-bosqich joriy etilmoqda va u ChatGPT’ga o‘zining virtual kompyuteri yordamida “o‘ylash” va “harakat qilish” imkonini beradi.
“Masalan, foydalanuvchilar quyidagicha so‘rashi mumkin: ‘Kalendarimga qarab, yaqin mijozlar bilan uchrashuvlar haqida so‘nggi yangiliklar asosida qisqacha ma’lumot ber,’ yoki ‘to‘rt kishilik yaponcha nonushta tayyorlash uchun rejala qil va kerakli mahsulotlarni sotib ol’”, — deyiladi kompaniya blogida.
Ushbu funksiya Pro, Plus va Team tarif rejalari obunachilari uchun mavjud bo‘ladi. U OpenAI’ning allaqachon mavjud vositalari — Operator (internetda qidiruv imkonini beradi) va Deep Research (onlayn ma’lumotlarni to‘plab tahlil qiladi) asosida ishlab chiqilgan.
ChatGPT endi nafaqat maslahat beradi, balki harakat ham qiladi
OpenAI bergan ma’lumotlarga ko‘ra, yangi agent rejimi yordamida foydalanuvchilar quyidagi kabi vazifalarni topshirishlari mumkin:
— “Kalendarimga qarab, oldinda turgan mijozlar bilan uchrashuvlar haqida menga qisqacha ma’lumot ber”;
— “To‘rt kishilik yapon nonushtasini tayyorlash uchun kerakli mahsulotlarni rejalashtir va xarid qil”.
Ushbu funksiyani ChatGPT ilovasida “agent mode” (agent rejimi) tugmasini tanlab yoqish mumkin. Hozircha u Pro, Plus va Team tarif rejalaridagi foydalanuvchilarga bosqichma-bosqich taqdim etilmoqda.
“Men bu imkoniyatni oilamga ‘‘eng ilg‘or va tajriba bosqichidagi texnologiya’’ deb tushuntirgan bo‘lardim. Bu — kelajakni sinab ko‘rish imkoniyati, ammo hozircha muhim ishlar yoki shaxsiy ma’lumotlar uchun foydalanishga tavsiya qilmayman,” — deb yozgan OpenAI bosh direktori Sem Altman X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘ida.
OpenAI mazkur funksiya bilan bog‘liq xavf-xatarlarni ham tan oldi. Kompaniyaning ta’kidlashicha, modelning foydalanuvchi ma’lumotlariga kirish imkoniyati cheklangan, elektron pochta orqali xat yuborish kabi ayrim harakatlar foydalanuvchining roziligisiz amalga oshirilmaydi, bank operatsiyalari kabi yuqori xavfli vazifalar esa butunlay taqiqlangan.
U nima ish qila oladi?
Yangi agent rejimi ilgari ishlab chiqilgan Operator (internetda axborot izlash) va Deep Research (murakkab tahliliy hisobotlar tuzish) kabi imkoniyatlarni birlashtiradi. Endilikda foydalanuvchilar ChatGPT’ni Gmail, GitHub kabi ilovalar bilan ulab, real harakatlar bajarishga topshiriq berishlari mumkin.
Masalan:
— “Besh kishilik ingliz nonushtasi uchun masalliqlarni rejalashtir va buyurtma qil.”
— “To‘rtta raqobatchini tahlil qil va taqdimot tuz.”
Qanchalik samarali?
OpenAI’ning ma’lum qilishicha, yangi agent modeli sun’iy intellekt sohasidagi eng murakkab sinovlardan biri bo‘lgan “Humanity’s Last Exam” testida 41,6% (pass@1) natija ko‘rsatgan. Bu kompaniyaning ilgari taqdim etgan o3 va o4-mini modellaridan deyarli ikki baravar yuqori natijadir.
Shuningdek, matematikada ham yangi yutuqlarga erishilgan. FrontierMath nomli murakkab testda agent 27,4% natijani qayd etgan (ilgari eng yuqori natija — 6,3%).
Xavfsizlik va axloqiy cheklovlar haqida-chi?
OpenAI agent rejimini ishlab chiqishda xavfsizlik masalalariga alohida e’tibor bergan. Foydalanuvchi tomonidan kiritilgan har bir so‘rov maxsus tekshiruvdan o‘tadi. Ayniqsa, biologiyaga oid so‘rovlar uchun qo‘shimcha tahlil mexanizmi joriy etilgan.
Bundan tashqari, agent orqali email yuborish kabi harakatlar faqat foydalanuvchi tasdig‘i bilan amalga oshiriladi. Bank operatsiyalari kabi yuqori xavfli topshiriqlar esa mutlaqo bloklangan.
Sun’iy intellekt texnologiyalaridagi raqobat kuchaymoqda
Bu yangilik sun’iy intellekt bozoridagi keskin raqobat sharoitida e’lon qilindi. Google va Apple kabi yirik texnologik kompaniyalar ham o‘z sun’iy intellekt agentlarini ishlab chiqishga harakat qilmoqda. OpenAI esa ChatGPT’ni oddiy chatbot emas, balki chinakam raqamli yordamchiga aylantirish yo‘lida jiddiy qadam tashlamoqda.
Avvalroq, OpenAI sun’iy intellekt asosida ishlaydigan yangi veb-brauzerni ishga tushirishga tayyorgarlik ko‘rayotgani va u orqali Google Chrome’ning global ustunligiga qarshi kurashmoqchi ekani haqida xabarlar chiqqan edi.



