Joriy yilning 14-iyul kuni hukumatning 439-son «Ilk rivojlanish markazlari faoliyatini boshqichma-bosqich yo‘lga qo‘yish chora tadbirlari to‘g‘risida» qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklarining har bir tuman (shahar)da Ilk rivojlanish markazlari faoliyatini bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yish to’g’risidagi taklifi berilgan.
Ilk rivojlanish markazlarining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilangan:
– maktabgacha ta’lim bilan qamrab olinmagan bolalar uchun maktabgacha ta’lim xizmatlaridan foydalanishda teng imkoniyatlar yaratish;
– bolaning moslashishini va ta’lim olishni davom ettirishga tayyorligini ta’minlash;
– bolaning yoshi, o‘ziga xos imkoniyatlari, qobiliyatlari hamda ehtiyojlarini inobatga olib, har tomonlama kamol topishini ta’minlashdan iborat.
Markazlar quvvatiga nisbatan past koeffitsientda faoliyat ko‘rsatayotgan umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari, kasbiy ta’lim tashkilotlari va boshqa ijtimoiy soha obyektlarida:
birinchi bosqichda (2025-yil) – 50 ta tuman (shahar)da;
ikkinchi bosqichda (2026-2028-yillar) – qolgan tuman (shahar)larda tashkil etilishi belgilangan.
Markazlar hududlarning ehtiyojidan kelib chiqib, maktabgacha ta’lim bilan qamrab olinmagan bolalarni, shu jumladan, birinchi navbatda ‘‘Kambag‘al oilalar reyestri’’ga kiritilgan oilalarning farzandlarini qamrab oladi.
Markazlar quyidagi 2 ta model asosida faoliyat ko’rsatadi:
maxsus maktabgacha ta’lim xizmati modeli – pedagoglar tomonidan alohida ta’lim ehtiyojlari bo’lgan oilalarning 2–7 yoshli farzandlari uchun yashash xonadoniga borgan holda ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil etish;
o’yin guruhi modeli – 3–6 yoshli bolalar uchun Markazlarda tashkil etilgan qisqa muddatli (3,5–4 soat) guruh.
Markazlar tuman (shahar) maktabgacha va maktab ta’limi bo’limi huzurida tashkil etiladi. Markazlarga qabul qilingan barcha tarbiyalanuvchilardan ota-ona to’lovi undirilmaydi.

