AQShning texnologiya markazi sanalgan Kremniy vodiysida oliy ta’limga nisbatan tanqidiy qarash kuchaymoqda.
Business Insider yozishicha, bu yerda shakllanayotgan yangi avlod startap egalari universitet diplomidan ko‘ra amaliyot, mentorlik va o‘z startap larini yaratishni afzal ko‘rmoqda.
Misol uchun, Sebastyan Tan ismli yosh dasturchi Stenford universitetiga o‘qishga kirgan bo‘lsa-da, o‘qishni keyinga qoldirib, Palantir texnologik kompaniyasida amaliyot o‘tashni tanlagan. Uning fikricha, universitetlarda nazariya ko‘p, amaliyot esa yetarli emas.
«Texnologiya olamida hamma narsa tez o‘zgaradi. Agar sen kun bo‘yi auditoriyada bo‘lsang, hayot yoningdan o‘tib ketadi,» — deydi Tan.
Palantir kompaniyasi esa bu yo‘nalishni rasmiy tarzda qo‘llab-quvvatlayapti. Ular «Meritocracy Fellowship» nomli maxsus dastur orqali yoshlarga universitetga bormasdan darhol sohaga kirish taklifini bermoqda. Bu dasturda SAT/ACT imtihonlaridan yuqori ball olgan o‘quvchilarni tanlab, ularga siyosiy falsafa, klassik adabiyot va tanqidiy tafakkur asosida o‘qish taklif etiladi.
Ushbu harakatda yoshlar mashhur texnogigantlar — Bill Geyts, Stiv Jobs, Mark Sukerberg kabi universitetni tark etib, muvaffaqiyatga erishganlar tajribasidan ilhomlanishmoqda. Ayniqsa, yosh yigitlar oliy ta’lim tizimini «shaxsiylikdan yiroq«, «erkaklikka qarshi» va «woke madaniyatining timsoli» sifatida ko‘rishmoqda.
Biroq ekspertlar bunday yondashuvni xavfli deb bilishmoqda. Garvardlik iqtisodchi Devid Demingning ta’kidlashicha, ko‘pchilik yoshlar hali ham strukturaviy, keng qamrovli oliy ta’limga muhtoj. Uning fikrlariga ko‘ra, universitet diplomi hali ham daromad darajasiga ta’sir qiladi va jamiyatda ko‘plab eshiklarni ochadi.
Palantir rahbari, doktorlik darajasiga ega bo‘lgan Aleks Karp ham an’anaviy ta’lim tizimini keskin tanqid qiladi. Uning so‘zlariga ko‘ra:
«Sizni kollejda hayot haqida o‘rgatgan hamma narsa – intellektual jihatdan noto‘g‘ri.»
U hozirda o‘zining «The Technological Republic» («Texnologik Respublika») kitobini startap o‘quv dasturiga kiritgan.
