xAI kompaniyasi Grok-4 neyron tarmog‘ining yangi versiyasini taqdim etdi. Taqdimot chog‘ida Ilon Mask bu modelni «insoniyat tarixidagi eng aqlli sun’iy intellekt» deb atagan.
Ushbu Grok-4 modeli matematik olimpiadalarda rekord natijalar ko‘rsatgan va murakkab akademik testlarni yechishda raqobatchilaridan ikki barobar ustun chiqgan.
Shuningdek, u har bir fan bo‘yicha PhD (fan doktori) doktorlik darajasidagi savollarni ham yecha olgan. Yangi modelning asosiy va kuchaytirilgan Heavy versiyalari mavjud.
Eng muhim yutug‘i — Humanity’s Last Exam testida maksimal hisoblash resurslaridan foydalangan holda 50,7% natija ko‘rsatishi aytilgan. Ushbu imtihon matematika, tabiiy va gumanitar fanlardan minglab savollarni o‘z ichiga oladi. Taqqoslash uchun: oldingi yetakchi Google’ning Gemini 2.5 Pro modeli atigi 22% ko‘rsatgan edi.
Heavy versiyasi 2025-yilgi AIME matematik olimpiadasida 100% to‘g‘ri javob bergan. Shuningdek, ARC-AGI-2 testida (vizual naqshlarni tanish testi) 16,2% natija ko‘rsatib, eng yaqin raqib Claude Opus 4’ni deyarli ikki barobar ortda qoldirgan.
Bundan tashqari, Grok-4 ilmiy kashfiyotlar qilish va sport voqealarini oldindan bashorat qilish qobiliyatiga ham egaligi aytilmoqda.
Ta’kidlash joizki, sun’iy intellekt tobora rivojlanib borayotganligi sababli, sohada ham raqobatlar kuchaymoqda. Yaqinda Meta Apple kompaniyasining sun’iy intellekt modellar jamoasiga rahbarlik qilgan Ruoming Pangni ishga olgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, unga bir necha yilga mo‘ljallangan, yuz millionlab dollarlik kompensatsiya paketi taklif qilingan.
