Texnikum bitiruvchilarini oliy ta’limga 2-kursdan o‘qishga qabul qilishda suhbat qanday bo‘ladi?

Texnikum bitiruvchilarini oliy ta’limga  2-kursdan o‘qishga qabul qilishda suhbat qanday bo‘ladi?

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 11.01.2022-yildagi 17-son qaroriga muvofiq texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar oliy taʼlimning bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga 2-bosqichdan suhbat asosida oʻqishga qabul qilinadi.

 

Qaror nizomiga koʻra, bitiruvchilar har yili 5-iyuldan 25-iyulga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining rasmiy veb-sayti orqali onlayn roʻyxatdan oʻtadi.

 

Bunda muvaffaqiyatli tamomlaganlar toifasiga texnikumdagi butun oʻqish davrida oʻquv semestrlari yakuniga koʻra oʻzlashtirish baholari “5 (aʼlo)” va “4 (yaxshi)”, biroq oʻzlashtirish baholarining kamida 50 foizi (tibbiyot oliy taʼlim muassasalari uchun kamida 85 foizi) “5 (aʼlo)” boʻlgan bitiruvchilar kiradi.

 

Texnikum bitiruvchilarini oliy taʼlim muassasalariga ikkinchi bosqichdan qabul qilish jarayonlari qay tartibda amalga oshiriladi?

 

Qabul jarayonlari ikki bosqichda amalga oshiriladi.

 

Birinchi bosqichda talabgorlar quyidagi hujjatlarni 5-iyuldan 25-iyulga qadar muassasalarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha roʻyxatdan oʻtishida tizimga shaxsiy maʼlumotlarini kiritishi va quyidagi hujjatlarni yuklashi talab etiladi:

 

– pasport yoki ID-karta nusxasi;

– texnikumni bitirganlik toʻgʻrisidagi hujjat va unga ilovaning nusxasi.

 

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan vazirlikning rasmiy veb-sayti orqali bitiruvchilarni roʻyxatdan oʻtkazish jarayonlari muvofiqlashtirilib boriladi.

 

Eslatma! Bitiruvchilar tomonidan topshirilgan hujjatlarning qalbakiligi aniqlanganda, u suhbatdan (talabalikka qabul qilingandan keyin aniqlansa, talabalikdan) chetlashtiriladi hamda hujjatlari belgilangan tartibda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuboriladi.

 

Qabulning ikkinchi bosqichida esa, talabgorlarning tizimga yuklagan hujjatlari oʻrganish natijasida saralanganlar bilan suhbat boʻlib oʻtadi. Suhbat oliy oliy taʼlim muassasasi rektori (filial direktori) buyrugʻi bilan tuzilgan qabul komissiyasi tomonidan olib boriladi va Oliy taʼlim muassasasi rektori (filial direktori) qabul komissiyasining raisi hisoblanadi. Suhbat jarayoni har yili 10-avgustdan 25-avgustgacha, oliy taʼlim muassasasi tomonidan belgilangan muddatda boʻlib oʻtadi.

 

Suhbat kommisiyasi tarkibi va faoliyati nizomi qanday?

 

Suhbat komissiyasi 9 nafardan kam boʻlmagan tarkibda tuziladi va uning tarkibiga kadrlarning asosiy ish beruvchilari boʻlgan tashkilotlar va oliy taʼlim muassasasi boʻysunuvi boʻyicha vazirliklar va idoralarning masʼul xodimlari, sohaga taalluqli texnikumning malakali oʻqituvchisi hamda boshqa oliy taʼlim muassasasining tegishli soha boʻyicha professor-oʻqituvchisi kiritiladi.

 

Shaffoflikni taʼminlash maqsadida ushbu suhbat jarayoni toʻliq videokuzatuv ostida oʻtkaziladi va jarayon ota-onalar, kuzatuvchilar uchun ajratilgan alohida kutish joyiga ovozli tarzda onlayn translatsiya qilib boriladi. Shuningdek ushbu suhbat jarayonlarining videokuzatuvlari kamida uch yil oliy taʼlim muassasasida saqlanadi.

 

Suhbatda bitiruvchilardan qanday savollar soʻraladi?

 

Suhbat jarayonida bitiruvchilarning har biriga quyidagi mavzular boʻyicha bittadan jami toʻrtta savol beriladi:

 

– mamlakatda oʻz sohasiga oid amalga oshirilayotgan islohotlarning mohiyati va ahamiyatini tushunish;

– bakalavriat taʼlim yoʻnalishini tanlashda motivatsiya (soha kasbining mohiyati va ijtimoiy ahamiyatini tushunish, unga doimiy qiziqish koʻrsatish);

– shaxsiy-kasbiy xususiyatlar (oʻqishga qobiliyat, kasbiy vazifalarni hal qilishda amaliy faoliyat, intizomlilik, hamjihatlik, masʼuliyatlilik, qaror qabul qilishda mustaqillik darajasi, shaxsiy yutuqlar mavjudligi, shuningdek, oʻz ustida ishlash va ijodkorlik qobiliyatlari);

– tanlangan bakalavriat taʼlim yoʻnalishi sohasidagi bilim va kasbiy koʻnikmalarning mavjudligi.

 

Suhbatdan keyingi jarayonlar qanday?

 

Jami toʻplash mumkin boʻlgan eng yuqori ball 100 ballni tashkil etadi. Subatni amalga oshirish boʻyicha baholash mezonlari tegishli oliy taʼlim muassasasi tomonidan ishlab chiqilib, tasdiqlanadi hamda rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilinadi. Suhbat komissiyasi aʼzolari tomonidan suhbat natijalarini qayd etish varagʻiga har bir bitiruvchi bilan oʻtkazilgan suhbat natijasiga koʻra ball belgilab, imzolanadi.

 

Suhbat komissiyasi tomonidan tasdiqlangan suhbatning yakuniy natijalarini qayd etish varagʻiga asosan Suhbat komissiyasining ishtirok etgan aʼzolari tomonidan qoʻyilgan ballarning oʻrtachasi 67 ball va undan yuqori boʻlganda abituriyent suhbatdan oʻtgan hisoblanadi.

 

Muayyan taʼlim yoʻnalishi (guruh) boʻyicha oʻtkazilgan suhbat natijalariga koʻra suhbatdan oʻtganlar roʻyxati shu kunning oʻzida abituriyentlarga oʻqib eshittiriladi.

 

Muhim! Oliy taʼlim muassasasida suhbatlar oʻtkazilishi davrida belgilangan tartibda apellatsiya shikoyatlarini koʻrib chiqish uchun apellyatsiya komissiyasi tashkil etiladi.

 

Apellyatsiya shikoyatlari suhbat natijalari eʼlon qilingan vaqtdan boshlab 24 soat ichida oliy taʼlim muassasasida toʻgʻridan toʻgʻri yozma shaklda yoki Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining rasmiy veb-sayti orqali onlayn shaklda qabul qilinadi va apellyatsiya komissiyasi tomonidan murojaat qilganlarning sonidan kelib chiqqan holda bir kundan uch kungacha boʻlgan muddatda videoyozuv asosida koʻrib chiqiladi.

 

Suhbat natijalariga koʻra talabalikka tavsiya etilganlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar natijalar eʼlon qilingan kundan boshlab uch kun muddatda oliy taʼlim muassasasi rektori (filial direktori) tomonidan boʻysunuvi boʻyicha vazirlik, idoraga taqdim etiladi. Shuningdek, Suhbat komissiyasining suhbat natijalarini qayd etish hamda suhbatning yakuniy natijalarini qayd etish varaqlari uch yil oliy taʼlim muassasasida saqlanadi.

 

Talabalikka tavsiya etilganlarning umumiy roʻyxati suhbat jarayoni toʻliq yakunlangandan soʻng bir kun muddatda oliy taʼlim muassasasining veb-saytida eʼlon qilinadi va ular toʻlov-kontrakt asosida oʻqishni davom ettiradi. Qabul qilingan kundan boshlab ularga belgilangan namunadagi toʻlov-kontrakt blankalari oliy taʼlim muassasasi qabul komissiyasi tomonidan beriladi.

 

Talabalikka tavsiya etilganlar uchun toʻlov har yili kontrakt shartlarida koʻrsatilgan muddatlarda amalga oshiriladi.