“El-yurt umidi” jamg‘armasining 2025-yilgi 1-ochiq stipendiya tanlovining suhbat bosqichiga o‘tgan ayrim nomzodlar tomonidan murojaatlar yo‘llanib, davlat oliy ta’lim muassasalariga ham hujjat topshirishgani va shu sababli test imtihonlari “El-yurt umidi” suhbat sanasiga to‘g‘ri kelib qolganini ma’lum qilishmoqda.
Mazkur vaziyat yuzasidan Jamg‘arma rahbariyatiga murojaat qilingan va talabgorlar uchun qulaylik yaratish maqsadida suhbat sanasini boshqa kunga ko‘chirish imkoniyati taqdim etildi.
Bu haqda “El-yurt umidi” jamg‘armasi rasmiy tarzda xabar berdi.
Muhim: agar suhbatga o‘tgan talabgorlar davlat OTM test imtihoniga xuddi shu kunda qatnashishlari kerak bo‘lsa, ular quyidagi tartibda suhbat sanasini o‘zgartirish uchun murojaat qilishlari mumkin:
@eyufadmissionbot Telegram boti orqali Tanlov komissiyasiga oldindan murojaat qilish lozim
Murojaatga tasdiqlovchi hujjat — abituriyent ruxsatnomasini ilova qilish shart
So‘rov tasdiqlangach, nomzodga suhbat uchun yangi sana belgilanadi
Bu qaror barcha ishtirokchilarga teng sharoit yaratish, bilimli yoshlarning imkoniyatlarini cheklamaslik maqsadida qabul qilingan.
Ma’lumot o’rnida, ertaga, 9-iyul kuni “El-yurt umidi” jamgʻarmasining 2025-yil 1-ochiq stipendiya tanlovi suhbat bosqichi boshlanadi.
Mazkur bosqichga tavsiya etilgan nomzodlar va ularning suhbat kunlari roʻyxati hamda vaqtlari eʼlon qilingan vaqtlqri bilan quyidagi havola orqali tanishishingiz mumkin.
