Ijtimoiy tarmoqlarda Buxorodagi davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisining bolalar bilan qo‘pol munosabati aks etgan videolavha tarqaldi.
Ma’lum bo‘lishicha, voqea Buxoro viloyati Gʻijduvon tumanidagi 53-davlat bog‘chasida sodir bo‘lgan. Videoda ko‘rsatilishicha, 22 va 27-may kunlari tarbiyachi bolalarga baqirib, “oyogʻing sinsin”, – deya ularni bir necha marotaba shapaloqlab urgan.
Holat bo‘yicha Buxoro viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Axborot xizmati rasmiy munosabatini bildirdi.
‘‘Ushbu holat Buxoro viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan tezkor o‘rganib chiqildi.
O‘rganish jarayonida videotasvirda aks etgan holat joriy yilning 27-may kuni yuz berganligi aniqlanib, o‘z lavozim majburiyatlarini qo‘pol ravishda buzgan tarbiyachi M.A bilan tuzilgan mehnat shartnomasi tashkilot direktorining 2025- yil 30-iyundagi 487-2-34-DMM/2025-sonli buyrug‘i asosida bekor qilindi.
Ayni paytda maktabgacha ta’lim tashkilotida bunday holatni yuzaga keltirgan sabablar batafsil o‘rganilib, bu borada mavjud kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda’’, — deyiladi munosabatda.
