O‘zbekistonda may, iyun oylarida ingliz tili darajasi bo‘yicha xalqaro sertifikat — IELTS uchun imtihon topshirganlarning imtihon javoblari qayta tekshirilishi, shu bilan birga ayrim natijalar bekor qilinishi holati kuzatilgan. Bu o‘zgarishlar IELTS imtihonida tushadigan ayrim topshiriqlarning javoblari internet tarmoqlariga sizdirilayotgani va uning sotuvga chiqib ketgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Joriy yilning 17-iyun kuni IDP imtihon markazi o‘zining tarmoqlardagi sahifasida so‘nggi paytlarda test materiallarining noqonuniy savdosi avj olganini ochiqladi. Tashkilot bu holatni faqat qonunbuzarlik emas, halollik, ta’lim tizimi va kelajak orzulariga xiyonat, deb atagan.
Bundan tashqari, o‘quvchilarni imtihonga tayyorlovchi Abdulaziz Saidalixanov O‘zbekistonda IELTS imtihonini o‘tkazish taqiqlab qo‘yilishiga olib kelishi mumkinligi haqida havotirlari haqida Facebook’da post yozdi.
“Agar yana shu holat yuz bersa bizda IELTS yopilib, o‘quvchilar qo‘shni davlatlarga o‘tib topshirishga majbur bo‘lib qolishlari mumkin… Chora ko‘rilishi kerak”, dedi u.
Imtihon javoblari qayta tekshirilmoqda, bu abituriyentlar uchun muammo
Gazeta.uz ning yozishicha, 2025-yilning 20-iyun kuni mamlakatdagi imtihon oluvchi Britaniya kengashi (British Council) vaIDP (Edu-Action Centre) tashkiloti 7-iyun sanasida IELTS imtihonini topshirgan barcha nomzodlarning natijalari Cambridge English tomonidan IELTS imtihoni qoidalariga asosan qayta tekshirishga olib qolinishi haqida e’lon bergan (imtihon natijalari odatda 13 kunda chiqishi kerak edi).
Natijalarini kutayotganlar qayta tekshiruv jarayonlari taqdiri nima bilan tugashidan hozircha bexabar. Imtihon oluvchilar tekshiruv muddati qachon tugashi haqida aniq ma’lumot bermagan. Bu xabar asosan ingliz tili sertifikati bilan OTMga kirish imtihonlarida yengillik olishni reja qilgan nomzodlarni xavotirga solgan. Sababi, mamlakatda OTMga qabul jarayonlari 25-iyun kuni yakunlanadi.
IDP imtihon markazi may oyida ham monitoring natijalariga ko‘ra, ba’zi natijalarni qo‘shimcha tekshiruv va tahlil uchun ushlab qolgan. Tashkilotning Gazeta’ga ma’lum qilishicha, bunga imtihon kuni tartib-qoidalarning buzilishi, nomzodlarning g‘ayrioddiy yoki noqonuniy xatti-harakatlari va boshqa shubhali yoki noodatiy vaziyatlar sabab bo‘lishi mumkin.
IELTS qoidalari buzilgani aniqlangach, natijalar belgilangan tartibda bekor qilingan, nomzodlarga bu haqda xabar berilgan. Imtihon topshiruvchilar o‘rnatilgan tartibda o‘z pozitsiyalarini ifodalash imkoniyatiga egaligi aytilgan.
Imtihon javoblari qayerdan sizib chiqyapti?
IELTS imtihoniga “Taxmin qilingan savollar”ga javoblarni yodlab kirayotganlar ma’lumotlarni qayerdan sotib olgani haqida aniq ma’lumotlar mavjud emas. Biroq, Telegram messenjerida imtihon javoblarini oldindan berishni va’da qilib, turli e’lonlar tarqatayotgan ayrim guruh va kanallar uchraydi. Unda yozilishicha, ma’lum imtihon sanasida ehtimoliy tushadigan topshiriqlarning javoblari xaridorlarga sotiladi.
Shuningdek, 2025-yilning fevral oyida Toshkentda IELTS imtihoniga tayyorlovchi o‘quv markazi rahbari Diyorbek Hayitmurodov bilan suhbatda imtihon materiallari qanday qilib tarqalishi haqida so‘ragan. O‘shanda o‘qituvchi dunyoning boshqa mintatasida ishlatilgan imtihon savollari boshqa joyda yana tushishi ehtimoli borligini aytgan.
“Imtihon oluvchi testlarni bizga oldindan bermaydi. Buning iloji yo‘q. Shunchaki, dunyo mamlakatlarining ayrimlarida savollarning chiqish holati balandroq bo‘lishi mumkin. Aytish mumkinki, 4 million nafar nomzod yiliga IELTS sertifikati uchun imtihon topshradi. IELTS resurslari cheklangani sabab dunyoning 8 mintaqasida bo‘ladigan barcha imtihonlar uchun savol tuzib berolmaydi.
Shuning uchun, 2023-yilda, masalan, Shimoliy Osiyo regionida ishlatgan savollarni IELTS keyingi yili O‘zbekistonda ham ishlatishi mumkin. Shu sababli, imtihon bo‘yicha butunjahon internet tarmog‘ida tarqalgan materiallarni biz ham o‘quv markazimizda ishlatayotgan bo‘lishimiz va u qachondir imtihonda ham tushishi mumkin”, — deya izohlagan edi u.
Uning tushuntirishicha, buni “qandaydir baza ma’lumotlari u mintaqadan bunisiga almashib turishi” deya tushuntirish mumkin. Masalan, nomzod imtihonga kirganda o‘zi yozgan insho mavzusi haqida jarayondan chiqib xabar yozadi. Internetda kimdir shu ma’lumotlarni ham yig‘ib, alohida bo‘lim qilib qo‘ygan bo‘lishi mumkin va shu orqali tayyorgarlik ko‘radiganlar bor. Eski tushgan savollar imtihonda yana tushishi ehtimoli bor.
British Council va IDP bunga nima deydi?
Britaniya kengashi o‘z munosabatida har qanday firibgarlik ayblovi nihoyatda jiddiy qabul qilinishi, testni buzish yoki noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq har bir holat, qayerda sodir bo‘lishidan qat’i nazar, tekshirilishini aytgan.
“Agar testda firibgarlik sodir etilgani haqida da’vo qilinsa, u albatta o‘rganib chiqiladi. Bu haqiqiy test topshiruvchilar va IELTS natijalarining ishonchliligiga tayanuvchi 12 000 dan ortiq tashkilot manfaatlarini himoya qilish maqsadida amalga oshiriladi”. Tashkilot ayrim nomzodlar tomonidan noqonuniy imtihon javoblaridan foydalanish holatlari uchrayotganini inkor etmadi.
“Soxta IELTS materiallarini targ‘ib qilayotgan yoki sotishga uringan shaxslar muntazam monitoring orqali aniqlanadi va British Council`ning global xavfsizlik jamoasiga yuboriladi”, — deyiladi tashkilot xabarida.
Nashriyotning yozishicha, IDP ham ayrim shaxslar tizimdan noqonuniy yoki shubhali yo‘llar bilan foyda ko‘rishga urinishini tasdiqlagan. Lekin, bu harakat mamlakatdagi imtihon oluvchi tashkilot xodimlari tomonidan qilinayotgani haqidagi tahminlarni keskin qoralagan.
Ta’kidlanishicha, tashkilot faqat imtihon o‘tkazilishiga mas’ulligini, imtihon natijalari Cambridge English tomonidan tekshiriladi. Topshiriqlarning javoblari imtihon oluvchi xodimlarning qo‘ligacha “yetib kelmaydi”. IDP imtihon jarayonlarida noqonuniy harakatlar avval ham aniqlanganligini, biroq, so‘nggi oylarda imtihon javoblari bilan bog‘liq shubhali holatlar soni ortganligini iddao qilgan.
“Firibgarlar odatda yashirin faoliyat yuritadi, o‘zlarini fosh etmaydi va pul olingach, ular bilan bog‘lanish imkoni yo‘qoladi. Eng achinarlisi, bunday firibgarlarga ishonib imtihon topshirgan nomzodlarning javoblari bekor qilinib, tegishli organlarga xabar berilishi oqibatida jiddiy muammolarga duch kelishadi. IELTS’da kerakli natijaga erishishning yagona yo‘li — bu mehnat va puxta tayyorgarlikdir.
‘‘Taxmin qilingan savollar’’, ‘‘tayyorlov materiallari’’ yoki ‘‘javoblar to‘plami’’ kabi nomlar ostida yuqori ballarni va’da qilib, insonlarni aldash holatlari tez-tez uchrab turadi. Har bir inson hushyor bo‘lishi va soxta IELTS natijalarini taklif qilayotgan firibgarlardan ehtiyot bo‘lishi kerak”, — deya ogohlantirgan IDP.
Eslatib o‘tamiz, IELTS’ning amaldagi qoidalariga muvofiq, agar qoidabuzarlik isbotlansa, test natijalari bekor qilinadi va holatga qarab nomzod test topshirish huquqidan 5 yilgacha mahrum qilinadi. Shuningdek, IELTS ijtimoiy tarmoqlar va onlayn platformalarni doimiy ravishda kuzatadi. Noqonuniy, ruxsatsiz tarqatilgan ma’lumotlarni aniqlab, ularni olib tashlash choralarini ko‘radi.







