‘‘Butun boshli kasb toifalari yo‘qoladi’’ — ChatGPT ‘‘otasi’’ 2030-yillardagi hayot haqida gapirdi

‘‘Butun boshli kasb toifalari yo‘qoladi’’ — ChatGPT ‘‘otasi’’ 2030-yillardagi hayot haqida gapirdi

 

OpenAI texnologik startapi bosh direktori, ChatGPT “otasi” sifatida tanilgan Sem Altman yaqin yillarda insoniyat sun’iy intellekt (SI) texnologiyalarining kuchli ta’sirini chuqur his eta boshlashini ma’lum qildi. Bu haqda u o‘z blogida yozdi.

 

 

Sem Altmanning fikricha, sun’iy intellekt dunyoning rivojiga turli yo‘llar bilan hissa qo‘shadi. Ammo eng katta o‘zgarish ilmiy taraqqiyotning tezlashuvi va mehnat unumdorligining oshishi orqali hayot sifatining sezilarli darajada yaxshilanishida aks etadi.

 

Sem Altmanning fikricha, Sun’iy intellekt insoniyat hayotini qanday o‘zgartiradi?

“Kelajak bugungidan ancha yaxshiroq bo‘lishi mumkin”, – deydi Altman.

 

ChatGPT bugun millionlab odamlarga kundalik hayotida xizmat qilmoqda va ularning tobora murakkablashayotgan vazifalarini bajarishda yordam bermoqda.

 

‘‘Butun boshli kasb toifalari yo‘qoladi’’ — ChatGPT ‘‘otasi’’ 2030-yillardagi hayot haqida gapirdi

 

Altmanning so‘zlariga ko‘ra, hozirning o‘zida neyrotarmoqlar dasturiy kodlar yozmoqda, 2026-yilga kelib esa yangi g‘oyalarni ilgari surishga qodir tizimlar paydo bo‘lishi mumkin. 2027-yilda esa jismoniy ishlarni bajaruvchi robotlarning amaliyotga joriy qilinishi ehtimoldan holi emas.

 

 

Uning ta’kidlashicha, sun’iy intellekt yordamida ilgari qiyin bo‘lgan sohalar — xususan, dasturlash va ijod — oddiy odamlar uchun ham ochiq bo‘ladi. Mutaxassislar baribir ustunlikka ega bo‘lishadi, ammo 2030-yilga kelib oddiy inson ham 2020-yildagiga nisbatan ancha ko‘proq ishni amalga oshira oladi.

 

Sun’iy intellekt insonni siqib chiqaradimi?

OpenAI rahbari odamlarni haddan tashqari fantastik xayollarga berilmaslikka chaqiradi. Uning fikricha, 2030-yillarda hayot, asosan, hozirgidek qoladi: odamlar oilasini sevadi, sayohat qiladi, o‘yinlar o‘ynaydi. Biroq ayrim sohalarda tub o‘zgarishlar bo‘ladi.

“Olimlar allaqachon sun’iy intellekt yordamida ish unumdorligi ikki-uch baravar oshganini aytishmoqda. Agar ilgari o‘n yillar talab qiladigan tadqiqotlarni bir yil yoki oy ichida bajarsak, taraqqiyot sur’atlari butunlay boshqacha bo‘ladi”, – deya yozadi Altman.

 

U, shuningdek, jismoniy dunyoda ham robotlar ko‘plab ishlarni bajara boshlashini bashorat qiladi.

“Agar dastlab millionlab insonqiyofali robotlarni oddiy usulda ishlab chiqishimizga to‘g‘ri kelsa ham, ular keyinchalik butun ishlab chiqarish va yetkazib berish zanjirini — foydali qazilmalarni qazib olish, yuk tashish, zavodlarda ishlash, yangi robotlar, mikrochip ishlab chiqarish inshootlari va ma’lumotlar markazlarini qurish – o‘z zimmalariga olishlari mumkin. Bu esa taraqqiyot tezligini tubdan o‘zgartiradi”, – deydi u.

 

‘‘Butun boshli kasb toifalari yo‘qoladi’’ — ChatGPT ‘‘otasi’’ 2030-yillardagi hayot haqida gapirdi

 

Altmanning fikricha, texnologik yutuqlarning tezlashishi va sun’iy intellektning ommaviylashuvi insonni tarix chekkasiga surib qo‘ymaydi. Albatta, ba’zi muammolar, jumladan, “butun boshli kasb toifalarining yo‘qolishi” kabi holatlar bo‘ladi, biroq umuman olganda, dunyo juda tez boyib boradi.

 

“Yangi kashfiyotlarga erishish sur’atlari nihoyatda yuqori bo‘ladi. 2035 yilgacha nimani kashf qilishimizni hozirdan tasavvur qilish qiyin. Ehtimol, bir yili yuqori energiyali fizika sohasida katta yutuqqa erishamiz, keyingi yili esa koinotni mustamlaka qilishni boshlaymiz.

 

Yoki materialshunoslikdagi yirik yutuqdan so‘ng, tez orada miya-kompyuter interfeyslarining yangi avlodini yaratamiz. Ko‘pchilik hayotini hozirgidek davom ettirishni afzal ko‘radi, biroq ayrimlar, ehtimol, ‘ulanish’ni tanlaydi”, – deb xulosa qiladi Altman.

Sun’iy intellekt va kelajak

Avvalroq, NVIDIA kompaniyasi bosh direktori va hammuassisi Jensen Xuang ham insonlarni sun’iy intellekt ish o‘rnini tortib oladi degan qo‘rquvlardan voz kechishga chaqirgan edi. Uning aytishicha, sizning ishingizni SI emas, balki uni o‘z foydasiga ishlata olgan boshqa inson egallab olishi mumkin.