Qashqadaryoda 2 yarim yoshli qizaloq bog‘chada nazoratsiz qolgani sababli vafot etdi (video)

Qashqadaryoda 2 yarim yoshli qizaloq bog‘chada nazoratsiz qolgani sababli vafot etdi (video)

Joriy yilning 20-may kuni Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi xususiy bogʻchada hali 3 yoshga to‘lmagan qizaloq ariqqa tushib ketishi oqibatida halok bo‘ldi.

 

 

Bogʻcha tarbiyachisining ta’kidlashicha, oʻsha paytda bolalarning yarmi uxlash uchun ichkariga olib kirilgan, qolganlari esa hovlida qolgan. Shunda qizcha koʻchaga chiqib ketib, bogʻcha yaqinidagi ariqqa tushib halok boʻlgan.

 

 

Marhumaning onasi farzandini ertalab bogʻchaga topshirganini, ammo tushga yaqin qayniakasidan qizining tobi yoʻqligi haqida xabar olganini bildirgan. U voqea joyiga yetib borganida, farzandining usti yopiq holatda jonsiz tanasini ko‘rgan.

 

 

Aniqlanishicha, bog‘cha ochilgan vaqtda masʼullarga ariqqa xavfsizlik chorasi koʻrilmaganini bildirilgan. Ammo rahbariyat bu masalaga eʼtibor berishni vaʼda qilganini aytgan. Hodisadan soʻng, bogʻcha uch kun yopilib, keyin yana faoliyatini boshlagan.

 

 

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning maʼlumotiga koʻra, hodisa yuzasidan sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan va maktabgacha taʼlim muassasasi xodimlarining harakatlariga huquqiy baho berish maqsadida idoraviy xizmat tekshiruvi boshlangan. Hozirda tergovga qadar tekshiruv ishlari davom etmoqda.