Toshkent viloyati Angren shahrida o‘g‘irlik sodir etgan maktab o‘quvchilari qo‘lga olindi. Bu haqda viloyat IIBB axborot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, 17-aprel kuniga o‘tar kechasi Angren shahri Nurchi mahallasida noma’lum shaxs Damas rusumli avtomashinadan pul mablag‘lari o‘g‘irlangani haqida hududiy Ichki ishlar bo‘limiga xabar kelib tushgan. Holat o‘rganilib, tegishli tartibda jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Olib borilgan tezkor choralar natijasida ushbu jinoyatni 15–17 yoshdagi to‘rt nafar maktab o‘quvchi sodir etgani aniqlanib, ular protsessual tartibda ushlangan.

Dastlabki tergov davomida gumonlanuvchilar ushbu o‘g‘irlangan pullarni maktab bitiruv kechasi uchun kerak bo‘lgan xarajatlarni qoplash maqsadida olganini bildirgan.
«Bu kabi holatlar barchamizni birdek o‘ylantirishi kerak. Chunki bitiruv kechalari va shu kabi tadbirlardagi ortiqcha xarajatlar, «boshqalardan qolmaslik» hissi, moddiy bosim — ayrim o‘quvchilarni jinoyatga boshlamoqda», — deyiladi IIBB xabarida.

