Ta’lim xizmatlarining bir qismi xususiy sektorga topshirilishi mumkin – Savdo-sanoat palatasi

Ta’lim xizmatlarining bir qismi xususiy sektorga topshirilishi mumkin – Savdo-sanoat palatasi

O‘zbekistonda ta’lim tizimining bir qator funksiyalari endilikda xususiy sektor ishtirokida amalga oshiriladi.

 

 

Savdo-sanoat palatasi tomonidan e’lon qilingan hujjatga ko‘ra, Maktabgacha, umumiy o‘rta va oliy ta’lim tizimida bajarib kelinayotgan ayrim davlat xizmatlari bosqichma-bosqich bozorga yo‘naltiriladi.

 

Maktab ta’limida yangi bosqich

 

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan “Barkamol avlod” bolalar maktablarida STEAM yo‘nalishidagi to‘garaklar mazmunini takomillashtirish, zamonaviy o‘quv dasturlarini ishlab chiqish va joriy etish ishlari endilikda nodavlat subyektlar ishtirokida amalga oshiriladi.

 

 

Shuningdek, jurnal, gazeta, o‘quv-metodik majmualar va darsliklar nashr etish, vazirlik veb-sayti faoliyatini yuritish ham bozor mexanizmlariga o‘tkaziladi.

 

Maxsus ehtiyojli bolalar ta’limi ham xususiylashtiriladi

 

Rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun inklyuziv ta’lim sharoitlarini yaratish, ularga sog‘lomlashtiruvchi ta’lim berish xizmatlari ham xususiy subyektlar bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.

 

Oliy ta’limda raqamli transformatsiya kuchayadi

 

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tasarrufidagi xizmatlardan biri — o‘quv adabiyotlarini tayyorlash va nashr qilish, endilikda nodavlat tashkilotlar tomonidan bajariladi.

 

 

Shuningdek, Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan chet tilini bilish darajasi bo‘yicha malaka imtihonlarini kompyuterlashtirilgan shaklda o‘tkazish xususiy sektor bilan hamkorlikda olib boriladi.

 

Innovatsion rivojlanish agentligida keng islohotlar

 

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi bir qator strategik vazifalarni xususiy sheriklar bilan birga amalga oshiradi.

 

 

Jumladan:

 

– raqamli iqtisodiyot va elektron hukumat sohasidagi loyihalarni keng joriy etish,

 

– axborot tizimlari va telekommunikatsiya infratuzilmasini yaratish,

 

– kiberxavfsizlikni ta’minlash,

 

– davlat xizmatlarini elektron shaklga o‘tkazish,

 

– ochiqlik va shaffoflikni oshiruvchi axborot resurslarini yaratish,

 

– ilmiy tashkilotlar uchun axborot tizimlarini ishlab chiqish.