Samarqanddagi bogʻchada bolalarga goʻshtsiz ovqat berilyapti (mi?)

Samarqanddagi bogʻchada bolalarga goʻshtsiz ovqat berilyapti (mi?)

Samarqand viloyati Bulungʻur tumanidagi 11-sonli davlat bogʻchasida bolalarga kamida ikki kun davomida goʻshtsiz ovqat berilgani haqida Kun.uz ga murojaat kelib tushgan.

 

 

Murojaatga ilova qilingan videoda, 2025-yil 5-may kuni bogʻcha oshxonasida tayyorlangan ovqat tarkibida goʻsht yoʻqligi ta’kidlangan. Video muallifi qozonni koʻrsatib: “Qozonda 1 gramm goʻsht yoʻq. Juma, 2-may kuni ham goʻshtsiz ovqat qilingan”, – deya bayon qilgan.

 

 

U bolalar ovqatlanayotgan xonani ham tasvirga olib, ularning kosalarida goʻsht mavjud emasligini bildirgan. Murojaatchi suhbatlashgan ayol (ehtimol, tarbiyachi) ham 2 va 5-may kunlari bolalarga goʻshtsiz ovqat berilganini tasdiqlagan. Ayol bogʻchada 194 nafar tarbiyalanuvchi borligini ta’kidlagan.

 

 

Shuningdek, murojaatchi bogʻchaga tarkib jihatdan sigir sutidan olinmagan sariyogʻ olib kelinganini ham da’vo qilgan.

 

 

Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi holat oʻrganilayotganini, qoʻshimcha axborot berilishini bildirgan. Mazkur holat boʻyicha bolalar ombudsmani ham tekshiruv olib bormoqda.

 

 

Ma’lumot uchun, Sog‘liqni saqlash vazirining 2021-yil 17-iyuldagi 0016-21-sonli  buyrug‘iga koʻra, 1 yoshdan 3 yoshgacha boʻlgan bolalar kuniga goʻshtning turiga qarab 60/45 grammdan 80/60 grammgacha, 3 yoshdan 7 yoshgacha boʻlganlar esa 80/60 grammdan 90/65 grammgacha mol, qoʻy, parranda yoki quyon goʻshti iste’mol qilishi belgilangan.