Muhandislik va IT sohasida kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan Al-Xorazmiy universiteti tashkil etiladi

Muhandislik va IT sohasida kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan Al-Xorazmiy universiteti tashkil etiladi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Al-Xorazmiy universitetini tashkil etish hamda axborot texnologiyalari sohasida kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

 

Unga koʻra, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tizimida muhandislik va IT sohasida kadrlar tayyorlashga ixtisoslashgan davlat oliy taʼlim muassasasi shaklidagi Al-Xorazmiy universiteti tashkil etiladi.

 

Universitet faoliyatini strategik rivojlantirish maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri raisligida Kuzatuv kengash tomonidan amalga oshiriladi. Bunda Kuzatuv kengashi tarkibi maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.

 

Universitetda taʼlim jarayoni 2025-2026-oʻquv yilidan boshlab tashkil etiladi, talabalarni oʻqitish davlat va ingliz tillarida, kredit-modul tizimi asosida olib boriladi. Taʼlim jarayoni Yangi Oʻzbekiston universiteti tajribasi asosida Birlashgan Arab Amirliklari, Xitoy Xalq Respublikasi, Buyuk Britaniya kabi davlatlarning nufuzli oliy taʼlim tashkilotlari bilan hamkorlikda olib boriladi;

 

V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika institutining Urganch filiali faoliyati Universitet binosida yoʻlga qoʻyiladi hamda har bir ilmiy xodimga talaba biriktirish amaliyoti joriy qilinadi.

 

Universitetda taʼlim jarayoni davlat granti va toʻlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi. Universitet huzurida Sanoat kengashi va salohiyatli talabalar uchun Sanoat hamkori stipendiyasi tashkil etiladi.

 

 Shuningdek, mazkur qaror bilan:

 

–  Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning Urganch filiali tashkil etiladi va bu yerda oʻquv jarayoni 7 yillik dastur asosida STEM modeli boʻyicha olib boriladi;

 

–  oʻquvchilar tanlovi umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarining matematika va informatika fanlari boʻyicha qobiliyati bor 4-sinf bitiruvchilari orasidan amalga oshiriladi;

 

–  ixtisoslashtirilgan maktabning muhandislik taʼlim dasturlari Al-Xorazmiy universiteti bakalavriat taʼlim dasturlari bilan oʻzaro integratsiya qilinadi;

 

–  muhandislik taʼlim dasturlarini lozim darajada oʻzlashtirgan bitiruvchilarga oʻz oʻqishini Al-Xorazmiy universitetining tegishli bakalavriat taʼlim yoʻnalishida 2-bosqichdan davom ettirish imkoni yaratiladi.