O‘zbekistonning Shvetsiyadagi elchixonasi tashabbusi bilan Skandinaviya davlatlaridagi vatandoshlarning farzandlari uchun o‘zbek tilida ta’lim beruvchi onlayn maktab ochildi. Bu haqda «Dunyo» AA xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, loyiha Toshkent shahridagi Nordik xalqaro universiteti va Skandinaviya davlatlaridagi o‘zbek vatandoshlar uyushmalari hamkorligida amalga oshirilmoqda. Dastur doirasida yosh avlodga ona tilini o‘rgatish, ularning ongida milliy qadriyat va madaniyatni mustahkamlash maqsad qilingan.
Shuningdek, joriy yilning 26-aprel kuni loyiha taqdimotiga bag‘ishlangan vebinar bo‘lib o‘tgan. Unda loyiha tashabbuskorlari va Skandinaviya davlatlaridagi o’zbekistonliklar ishtirok etishgan.
Toshkent Nordik xalqaro universiteti rektori Sherzod Mustafoqulovning ma’lum qilishicha, ona tilini o‘rgatish orqali chet eldagi ikkinchi va uchinchi avlod o‘rtasida milliy rishtalarning uzilishining oldi olinadi.
«Jahon tajribasidan ma’lumki, ikkinchi va uchinchi avlod muhojirlarida ushbu rishtalarning susayishi va hatto uzilish xavfi mavjud. Farzandlarga ona tilini o’rgatish orqali bunday «ko’rinmas» tahdidning oldini olish mumkin. Davlat-xususiy sheriklik shaklida ishga solinayotgan loyihamizning asl maqsadiyam shundan iborat», — degan u.
Shu jumladan, Shvetsiyadagi O‘zbek milliy madaniy markazi rahbari Zilola Yo‘lchiyeva birinchi o‘quv mashg‘ulotlari joriy haftada boshlanishini va 100 dan ortiq bola ro‘yxatdan o‘tganini ta’kidlagan.
