Oʻzbekistonda maktablarni 5 kunlik tizimga oʻtkazish petitsiyasi 10 mingdan ortiq ovoz toʻplab, ushbu murojaat tegishli vakolatli davlat organi — Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan edi.
Kun.uzʼga intervyu bergan oʻqituvchilar ayni tashabbus juda kerakli ekanini, buning ortidan taʼlimdagi stressni kamaytirish, sifatga erishish mumkinligini aytishgan. Ammo ustozlardan biri, avvalo, 2-3-smenalarni yoʻqotish kerakligini, shundan keyin 5 kunlik haqida gapirish joizligi haqida aytgan.
Sifat va unum aksincha pasayadi
Pedagog Isroil Tillaboyev 5 kunlik tizimga oʻtishga qarshi ekanini, bu muammolarni keltirib chiqarishini tushuntirishga urindi.
«Bir statistika koʻrgandim, 70 foizga yaqin maktablar 2 smenada oʻqiydi, nechtasidir 3 smenada. Tasavvur qiling, 2 smenali maktablarga 5 kunlik tizimni joriy etmoqchisiz, 8 dan boshlanadigan darsni 5 daqiqalik tanaffuslar bilan hisoblaydigan boʻlsak – 7 soatlik darsni sigʻdirsangiz, u 2 da tugashi mumkin. 2 dan keyin 2-smena boshlansa, qishloq sharoitlarda soat 5 da qorongʻi tushadi, shunday sharoitlarda 7-soat 6 yoki 7 da tugaydi. Bu juda katta qiyinchilikni olib keladi.
Baʼzi odamlar bilan gaplashsangiz, boshqa davlatlar: Kanadani misol keltiradi, lekin ulardagi sharoit bilan bizdagisining yer bilan osmoncha farqi bor. Ularda toʻliq smenali maktab, kerak boʻlsa haftalik yuklamasi ham kam, bizda xabaringiz bor, bir necha yil oldin Oʻzbekistondagi maktablarda dars yuklamasi dunyo miqyosida eng yuqori dars yuklamalilar qatoriga kiritilgandi. Misol uchun, 8-sinf oʻquvchilari 1 haftada 33 soat dars oʻtadi, 6 kunda kerak boʻlsa 6 soatdan oʻtayotgan boʻlsa, 5 kunga qoʻyiladigan boʻlsa, bolaning oʻzi charchab qoladi. Taʼlim sifatiga salbiy taʼsir qiladi», – dedi u.
Tillaboyev davlat umumtaʼlim muassasalarining dars jadvali ixtisoslashgan, prezident maktablaridagidan keskin farq qilishini qoʻshimcha qilgan.
«Yana bir argument keltirishadi: ixtisoslashgan, prezident maktablari 5 kun oʻqishadi, lekin ularning dars jadvalini qarasangiz, ularda 3 soatdan keyin 1 soatlik katta tanaffus beriladi. Bunda bola bemalol ovqatlanib oladi, oʻynaydi, kuladi, umuman dars vaziyatidan chiqib, ancha dam oladi. Keyingi dars jarayonini yangi darsdek boshlaydi. Shunda ular jismonan 7 soat oʻtira olish imkoniyatiga ega. Lekin oddiy maktabga bunday ish qila olmaysiz, 2 smenali maktabga 5 daqiqadan koʻproq tanaffus berolmaysiz.
Sifat va unum aksincha pasayadi. Aniq bilamanki, oʻquvchilarning bilim sifati pasayadi. Tasavvur qiling, 7-sinf oʻquvchisi 12-13 yosh bola, unga kunlik yuklamani battar qoʻyyapsiz. U 5 kun oʻqib yuklama olgani 2 kun dam olganini bosolmaydi. 5 kunlik oʻqish, ishni hamma istaydi, gapning ochigʻi, nafaqat oʻqituvchilar, balki barcha xodimlar istaydi. Bu jahon tajribasida bor, insonlarning dam olishini toʻgʻri tashkil etish uchun yaxshi, lekin bunga erishish uchun tizimli yondashuv kerak, 10-15-yillik reja qoʻyish kerak», – deydi pedagog.
Tillaboyev maktablarning sonini koʻpaytirish, sigʻimini kengaytirish rejasi davlat dasturi doirasida ilgari surilishi kerakligini, bu juda katta iqtisodiy resursni talab qilsada, hukumat miqyosida bunga imkon qilish mumkinligini qayd etgan.
5 kunlikka oʻtilsin, lekin maosh kamayib, ish yuklamasi oshmasin
Prezident maktabi oʻqituvchisi Zulfiya Rashidova oʻquvchi va oʻqituvchilarning haftada 2 kun dam olishini qoʻllab-quvvatlashini, bu avvalo tenglikni taʼminlashini bildirgan.
«Chunki ayni paytda koʻplab xususiy maktablarda 5 kunlik taʼlim tizimiga oʻtilgan va ayrim maktablarning 6 kun, ayrimlarining 5 kun oʻqishi yoki oliy taʼlimda ham ayrim universitetlarning 5 yoki 6 kun oʻqishini qaysidir maʼnoda tenglikka putur yetkazilgan deb hisoblayman. Yaʼni mening nazarimda hamma 5 kun oʻqigani yaxshi.
Birinchidan, oʻquvchi tomonidan olib qaraydigan boʻlsak, aytaylik, haftada 6 kun ertalab oʻqiydigan boʻlsa, 8:00 da dars boshlanadigan boʻlsa, 7:00 da turib 8:00 ga yetib borish yoki boʻlmasa, shunday oʻquvchilar borki, shaharning bir chetidan ikkinchi chetiga boradi va bir necha soatlab vaqtini tirbandlikda oʻtkazadi. Ana shunday vaziyatda u oʻquvchilar yanayam ertaroq turishi kerak. Mening nazarimda, oʻquvchiga haftada 6 kun tong sahar turib, maktabga borish degan bosim, xavotir ogʻirlik qiladi», – degan u.
Rashidovaning fikriga koʻra, oʻqituvchilar qoʻshimcha dam kunida kutubxona, teatr, kitob koʻrgazmasiga borishi mumkin, bu esa ularning shaxsiy rivojlanishida juda muhim.
«Shunday bir paytlar ham boʻladiki, oʻqituvchilardan oxirgi vaqtlarda qaysi kitobni oʻqidingiz deb soʻrasangiz, sizga “Oʻtkan kunlar”, “Dunyoning ishlari”ni aytishadi, vaholanki, siz buni bolaligingizda allaqachon oʻqib qoʻygansiz. Yangi chiqayotgan asarlardan, tarjima qilinayotgan, ommalashayotgan, muhokamalarga sabab boʻlayotgan juda koʻp asarlardan oʻqituvchilarning xabarlari yoʻq, masalan, men tanigan adabiyotshunos, filologlarning. Chunki ularning vaqti yoʻq.
Agar u har kuni maktabda boʻlib, bir kungina, yakshanba dam oladigan boʻlsa, shu yakshanbani ham oʻzbek ayollari odatda uy tozalash bilan oʻtkazadi, shu narsaga vaqt sarflab, bola-chaqasi, oʻziga, mutaxassis sifatida rivojlanishiga vaqt ajratishi qiyin. Ana shunaqa biroz tin olishi uchun ham bir orqaga qarab, mutaxassis sifatida baho berishi uchun ham oʻqituvchiga yana bir qoʻshimcha kun kerak. Men qoʻshqoʻllab oʻqituvchilar 5 kunlik ish tizimiga oʻtishi kerak degan fikrga qoʻshilaman», – dedi pedagog.
Albatta, 5 kunlik tizimning ijobiy taʼsirlarini inkor qilmagan holda bir qancha xavotirlar paydo boʻlayotgani haqida ham aytish lozim. Rashidova tashabbus hamkasblari orasida maosh kamayishi, ish yuklamasi oshishi bilan bogʻliq qoʻrquvlarni paydo qilayotganini taʼkidladi. U bunday boʻlishi kerakmas deb hisoblaydi.
«Masalan, bir paytlar oʻqituvchining haftalik dars yuklamasi 16 soat edi, 16 soat 1 stavkaga yurar edi. Ayni paytda 20 soat 1 stavkaga yuradi, ana shu narsa 20 soat 1 stavkaga yuradigan boʻlsa, 5 kunga bu sigʻadimi, bu dars jadvalida qanday aks etadi? Va stavkani yana qayta 16 soatliga qaytarish mumkinmi? Shu maʼnoda oʻqituvchining oyligiga daxl qilmaydimi, agar daxl qilmasa, ular [oʻqituvchilar] ham 5 kunlikka oʻtishga rozi.
Ularni shu narsa qoʻrqityaptiki, 5 kunlikka oʻtib qolishimiz oyligimiz kamayishiga, ish yuklamamiz battar koʻpayishiga, koʻproq stress, bosimga olib kelmaydimi deb oʻylashyapti. Haftada 28-30 soatlab dars oʻtadigan oʻqituvchilar bor. Va tabiiyki, bu yuklama 5 kunlik ish yuklamasiga sigʻmasligi mumkin, yaʼni oʻsha odamga bu juda ham koʻp ogʻirlik qilishi mumkin. Bunday vaziyatda biz nima qilamiz degan holatlar ham boʻldi.
Menga qolsa, oʻqituvchi haftada 28 soat dars oʻtmagani maʼqul. Chunki tabiiyki, u [oʻqituvchi] jismonan yaramaydi, charchab qoladi. Oʻqituvchilarning oʻzlari ham bilishadi, dushanba kunidagi kuch-gʻayrat bilan ishga chiqqan oʻqituvchi bilan shanbadagisining yoki kunning birinchi yarmidagi oʻqituvchi bilan ikkinchi yarmidagisining farqi bor. Yaʼni siz ertalab kuchga toʻlganroqsiz, faolroqsiz, darsingizni qiziqarliroq oʻtasiz, 6-7-soatga borib oʻquvchilar ham, oʻqituvchilar ham charchab qoladi. Siz haftasiga 28-30 soatlab yuklama olgan boʻlsangiz, tabiiyki, darsingizning sifati borgan sari tushib boraveradi», – dedi Zulfiya Rashidova.
Pedagog soha xodimlarining maoshi soat hisobiga emas, balki boshqa yoʻllar: ustama, toifasi, sertifikati bilan koʻpaytirilishi tarafdori ekanini aytdi. “Kamroq soat, lekin koʻproq maosh olinadigan darajaga chiqarilsa, ustozlar haftasiga koʻp soat olishga, oʻzini charchatishga harakat qilmaydi”, – deydi u.
Maktablar defitsiti muammosi vaqtida hal qilinganda 5 kunlikka oʻtib boʻlgan boʻlardik
Xususiy maktab oʻqituvchisi, “Xalq taʼlimi info” kanali muallifi Ulugʻbek Poʻlatov 5 kun ishlash taklifi 2019-yilda ham kun tartibida boʻlganini, oʻsha vaqtdagi Xalq taʼlimi vazirligi (hozirgi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi) tomonidan bu oqlanmaganini eslab o’tgan.
«Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi boʻlardi, shu qoʻmita turizmni rivojlantirish boʻyicha Vazirlar Mahkamasining bir qaror loyihasini ishlab chiqqan, shu qaror loyihasi bilan hamma davlat tashkilotlari, maktablarni ham 5 kunlik tizimga oʻtkazmoqchi boʻlishgan. Oʻsha paytda Xalq taʼlimi vazirligi keskin raddiya, yaʼni munosabat bildirib chiqqan: buning imkoni yoʻqligini, chuqur tahlillarga asoslanish kerakligini aytgan. Birinchi keltirgan asosi: maktablar yetishmovchiligi.
Haqiqatan ham olib qaraydigan boʻlsak, maktablar yetishmaydi. Maktablar yetishmay turgan vaqtda 5 kunlik tizimga oʻtkazish karrasiga yana oʻquvchilar oʻrni yetishmovchiligini oshirib yuborishi mumkin. Oʻshanda ham Xalq taʼlimi vazirligi bayonotini oʻqiydigan boʻlsak, 2-3 smenada oʻquvchi maktablar borligi aytilgan. Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasiga bir nechta savollarni koʻndalang qoʻygan edi. Hozir hisoblaydigan boʻlsak, 2019-yil [dan beri] shu taklif berilganiga necha yil boʻldi? Undan oldin ham aytilgan, lekin oʻsha vaqtda Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi darajasida koʻtarilgani uchun xuddi hozirgidek shov-shuv boʻlgan, hamma internet nashrlari ham bu haqda yozib chiqqan, deyarli 6-yil ketyapti, lekin biz oʻsha paytda harakatlarni boshlaganimizda hozir oʻtib boʻlgan boʻlardik», – deydi u.
Faolning eʼtibor qaratishicha, mustaqillik yillarida Oʻzbekistonda 8 557 ta maktab boʻlgan. Hozirga kelib ularning soni 10 750 tani tashkil etadi.
«Hozir maktablar qurishni keskin koʻpaytirish kerak, bu bitta vazirlikning qoʻlida emas, buni parlamentda koʻrish kerak. Deputatlarimiz nima qilishyapti? Hukumat soati boʻlayotganda koʻp deputatlarimiz “MMTV davlat budjetidan mablagʻ olish boʻyicha 2-oʻrinda turadi, shuncha mablagʻ ajratilsa ham mana shu ahvol” degan narsani aytishadi, bu notoʻgʻri. Shuncha katta armiya boʻlganidan keyin shunaqa katta pul ajratiladida, lekin u ham oz aslida. Shuning uchun parlamentda shu masala koʻtarilishi kerak, asosiy kun tartibidagi masala mana shu boʻlishi kerak. Oʻzi biz birinchi navbatda parlament darajasida “biz uchun nima muhim?” degan toʻxtamga kelib olishimiz kerak.
Deputatlarimiz oʻylab koʻrishi kerak, buni parlament darajasida muhokama qilishlari va maktablar qurilishini keskin koʻpaytirish kerak. Birinchi biz 2-3-smenalarni yoʻqotishimiz kerak. Shundan keyin biz 5 kunlik haqida gapirsak boʻladi. Yaʼni [5 kunlikka] oʻtishimiz kerak, lekin hozirgi ahvolimizda oʻtolmaymiz», – dedi soha vakili.
5 kunlikka qanday oʻtamiz?
Yana bir taʼlim mutaxassisi, oʻqituvchi Shokir Tursun 5 kunlik tizimni yoqlab, unga qanday oʻtish mumkinligi haqida oʻz telegram kanalida yozgan. Ekspertga koʻra, bunda hukumat oldida ikki yoʻl bor, yaʼni shanba kunlik dars soatlarini qolgan kunlarga sochib yuborish va oʻquvchilar yuklamasini kamaytirish orqali bir kunga qisqartirish.
Shokir Tursun birinchi yoʻlni eng yomoni deb baholagan. Uning aytishicha, bunday qilinsa, hozir kuniga oʻrtacha 6–7 soat oʻqiyotganlar qaysidir kuni 9 soat oʻqishi kerak boʻlib qolishi mumkin. “Shundoq ham samarasi past boʻlgan taʼlim yanada choʻkadi. Bundan tashqari, 2 smenada oʻqiyotgan maktablarda katta muammolar boshlanadi. 3 smenali maktablar esa parokandalikka yuz tutadi”,– deydi u. Mutaxassis ikkinchi yoʻlni ancha samarali ekani va u shuning tarafdoriligini aytmoqda.
«Ayrim fanlarning umumiy soatlarini qisqartirish evaziga bir kun boʻshatiladi. Bu yoʻnalishda ikki xil usuli barobar qoʻllanishi kerak:
1. Ayrim fanlarni fakultativ shaklga oʻtkazish (musiqa, tasviriy sanʼat, texnologiya kabi).
2. Dars soatlarini qisqartirish, masalan, haftasiga 4 soat boʻlgan fanni oʻquv dasturini optimallashtirish evaziga 3 soatga tushirish.
Yuqoridagilar sabab oʻqituvchilar meni yomon koʻrishga shoshilmasin. Tan olaylik, maktablarimizda oʻquv yuklamalari koʻp, keraksiz mavzular ham topiladi. Ana shularni optimallashtirish evaziga shanbadan voz kechish mumkin. Ammo hukumat gʻirrom oʻynamasligi lozim. Oʻquvchilar yuklamasi kamiyishi oʻqituvchilarning ish haqini kamaytirmasligi lozim»,– deydi Shokir Tursun.
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi hozircha mazkur holat yuzasidan hamda qanday istiqbolli rejalar koʻzda tutilayotganini haqidagi savollarga javob berishmagan. Shundan kelib chiqadiki, maktablarda ta’lim 5 kunlik tizimga o’tishi hozircha mavhum holatda.
