Pedagoglarga avia va temiryoʻl chiptalari uchun chegirma berish taklif etilmoqda

Pedagoglarga avia va temiryoʻl chiptalari uchun chegirma berish taklif etilmoqda

Respublika reytingida yuqori oʻrinlarni egallagan taʼlim muassasalari pedagoglariga Oʻzbekiston boʻylab sayohat qilish uchun avia va temiryoʻl chiptalariga 15 foizlik chegirma berilishi rejalashtirilmoqda.

 

Muhokamalar portaliga ‘‘Taʼlim tashkilotlari pedagoglariga O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish uchun samolyot va poyezdlar chipta narxlariga chegirma berish tartibi to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqida’’gi qaror loyihasi joylashtirildi.

 

Loyihaga koʻra, 2026/2027 oʻquv yilidan boshlab doimiy ravishda respublika reytingida yuqori oʻrinlarni egallagan taʼlim muassasalari pedagoglariga Oʻzbekiston boʻylab sayohat qilish uchun samolyot va poyezdlar chipta narxlariga chegirma taqdim etiladi.

 

Xususan, respublika reytingida TOP-100 talikka kirgan umumiy oʻrta taʼlim tashkiloti va maktabgacha taʼlim tashkiloti, TOP-20 talikdagi texnikum, TOP-10 talikdagi oliy taʼlim tashkiloti pedagoglari mazkur imtiyozdan foydalanishi mumkin boʻladi.

 

Mazkur chegirma yiliga bir marotaba Oʻzbekiston boʻylab sayohat qilish uchun qoʻllaniladi.

 

Bunda samolyot va poyezdlar (yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezdlar bundan mustasno) ning erkin sotuvda bo‘lgan ekonom klass va platskart yoki kupe vagonlari chipta narxlarining tarif qismiga 15 foiz chegirma beriladi.

 

Taʼlim tashkilotlari rahbarlari tomonidan Oʻzbekiston boʻylab sayohat qilish istagini bildirgan har bir pedagogga ish joyi va lavozimi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma beriladi.

 

“Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ, “Uzbekistan Airways” AJ Taʼlim tashkilotlari tomonidan taqdim etilgan maʼlumotnoma hamda shaxsni tasdiqlovchi hujjat asosida yiliga bir marta mahalliy yoʻnalishlarda samolyot va poyezdlar uchun chegirmali yoʻl hujjatlarini rasmiylashtiradi.

 

Chegirmali chiptalar “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJning temiryoʻl vokzallari hamda “Uzbekistan Airways”AJning “Uzbekistan Airways Sales” filialida va respublika aeroportlari kassalarida quyidagi shartlarga rioya qilgan holda rasmiylashtiriladi:

 

  • taʼlim tashkilotlari xodimining ismi va familiyasi, parvoz yoʻnalishi va uchish sanasi koʻrsatilgan rasmiy xat taqdim etilgan holda. Bunda, xat taʼlim muassasasining firma blankida rasmiylashtirilishi, rahbar tomonidan imzolanishi va muhr bilan tasdiqlanishi kerak;
  • amaldagi shaxsni tasdiqlovchi hujjat (ID-karta)ni taqdim etgan holda.

 

Elektron chiptalar e-ticket.uz va book.uzairways.com platformalari orqali rasmiylashtiriladi.

 

Shuningdek, bir pedagogga ikki yoki undan ortiq marta chegirmali chipta rasmiylashtirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

 

Chegirmalar tufayli transport tashkilotlari koʻradigan zararlar Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan belgilangan tartibda kompensatsiya qilinadi.

 

Avvalroq, pedagoglarning farzandlari to‘lov-kontrakt summasining 30 foizi davlat tomonidan qoplab berilishi haqida xabar bergan edik.