2008 – yilda tugʻilgan bola otasiga tegishli boʻlgan Kia Sonet mashinasini tungi vaqtda Navoiy shahri hududida davlat raqamisiz, yoʻl harakati qoidalariga amal qilmasdan boshqarib yurgan. Hududda xizmat olib borayotgan inspektor uni toʻxtatmoqchi boʻlganida, bola xodimni urib yuborib, voqea joyidan qochib ketgan.
Navoiy shahrida yoʻl-patrul xizmati inspektori xizmat olib borayotgan vaqtida mashina urib ketishi oqibatida vafot etdi.
IIV JXD YHXX axborot xizmatining Kun.uzʼga maʼlum qilishicha, YTH 19 yanvar kuni soat 1:45 da sodir boʻlgan. Navoiy shahrining Islom Karimov koʻchasida xizmat olib borayotgan Navoiy viloyati IIB YHXB yoʻl-patrul xizmati inspektori Jasurjon Muhammadov davlat raqamisiz, yoʻl harakati qoidalarini buzib harakatlangan Kia Sonet mashinasi haydovchisiga toʻxtash ishorasini qilgan.
Ammo haydovchi toʻxtash ishorasiga boʻysunmasdan yoʻl harakati qoidasini buzgan holda qarama-qarshi yoʻnalishga chiqib ketgan hamda inspektorni urib yuborgan. Soʻngra voqea joyidan qochib ketgan. Inspektor esa hodisa joyida vafot etgan.
Olib borilgan tezkor surishtiruv harakatlari natijasida Kia Sonetʼni 2008 yilda tugʻilgan S.M. boshqargani, mashina uning otasiga tegishli boʻlganligi aniqlangan. Mashina yashirib qoʻyilgan joyidan topilib, jarima maydoniga joylashtirilgan.
Hozirda holat boʻyicha Navoiy shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
“Haydovchilik guvohnomasiga ega boʻlmagan, yoʻl harakati qoidalarini bilmaydigan Navoiy shahridagi 8-umumtaʼlim maktabining 10-sinf oʻquvchisi yoʻlda boshqa fuqaroni urib yuborishi ham mumkin edi. Afsuski, vatan oldidagi burchiga sadoqat koʻrsatib xizmat qilayotgan YPX inspektori toʻxtash ishorasini bergan vaqtida qoidabuzarlik qurboni boʻldi. Keyingi vaqtlarda kattalar tomonidan voyaga yetmagan bolalarga mashina boshqaruvini berish holatlari koʻp uchramoqda. Bu esa ayanchli oqibatlarga olib kelishi muqarrar. Shuning uchun, ota-onalar farzandlarining, qolaversa, boshqa yoʻl harakati ishtirokchilarining xavfsizligi uchun bunday xatoni qilmasliklarini soʻrab qolamiz”, deydi IIV JXD YHXX axborot xizmati rahbari Zoyir Yoʻldoshov.
Inspektor Jasurjon Muhammadov 1993 yilda tugʻilgan, 2 farzandning otasi boʻlgan. U ichki ishlar organlari tizimida 2017 yildan buyon ishlab kelgan.