Toshkentda “BMW” avtomashinasini boshqarib, xizmat vaqtida YPX inspektorini urib yuborgan 10-sinf o‘quvchisiga nisbatan sud jarayonlari yakunlandi. Unga 2 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Bu haqda Toshkent shahar sudlari ma’lum qildi.
Bugun, 18-sentyabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudida 2026-yil 25-fevral kuni Toshkent shahrida xizmat olib borgan YPX inspektori kichik serjant Hosilbek Eshnazarovning vafot etishi bilan bog‘liq jinoyat ishi yuzasidan yopiq sud majlisi yakunlandi.
Joriy yil 25-fevral kuni xususiy maktabning 10-sinf o‘quvchisi D.T. tanishining opasiga tegishli “BMW” avtomashinasi avtomoykada qoldirilganini bilib, kaliti bilan turgan mashinani olib qochgan. Shundan so‘ng avtomashinani boshqarayotgan voyaga yetmagan shaxs YPX inspektori Hosilbek Eshnazarovni urib yuborgan. Inspektor olgan jarohatlari oqibatida vafot etgan.
Ish voyaga yetmagan shaxs ishtirokida ko‘rilayotgani sababli sud jarayonlari yopiq tartibda o‘tkazilgan.
Ma’lum qilinishicha, sud hukmi bilan sudlanuvchi Jinoyat kodeksining qayd etilgan moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda aybdor deb topilib, unga nisbatan (JKning 85-moddasi tartibida) 2 (ikki) yil 4 (toʻrt) oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Hukmga koʻra, jazoni oʻtash muddati sudlanuvchiga nisbatan “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qoʻllanilgan 2026-yilning 27-fevral kundan boshlab hisoblanadi. Yakunda raislik etuvchi tomonidan taraflarga hukm mazmuni, jinoyat oqibatida yetkazilgan moddiy va maʼnaviy zararlarni undirish masalasida fuqarolik tartibida sudga murojaat qilish huquqi hamda sud hukmiga nisbatan shikoyat qilish muddati va tartiblari tushuntirildi, – deyiladi rasmiy axborotda.
Avvalroq, Navoiyda 16 yoshli bola yoʻl-patrul xizmati inspektorini urib ketdi. Inspektor hodisa joyida vafot etgani haqida xabar berilgandi.
