Times Higher Education tomonidan e’lon qilingan “World University Rankings – 2027” reytingida O‘zbekistondan 53 ta oliy ta’lim tashkiloti ishtirok etdi. Ularning 8 tasi reytingdan o‘rin egallagan bo‘lsa, 45 tasi ishtirokchi sifatida qayd etildi.
Times Higher Education (THE) xalqaro reyting tashkiloti tomonidan “World University Rankings – 2027” reytingi e’lon qilindi.
Bu yilgi reytingdan dunyoning 118 ta mamlakatidan 2 297 ta oliy ta’lim tashkiloti joy oldi.
O‘zbekistondan jami 53 ta OTM reytingda ishtirok etgan. Shundan 8 tasi reytingdan o‘rin egallagan, 45 tasi esa ishtirokchi sifatida qayd etilgan.
O‘zbekistonning ikki oliygohi TOP-1000 talikda
Reytingning TOP-1000 taligidan O‘zbekistonning ikkita oliy ta’lim tashkiloti joy oldi:
- “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti — 551–600-o‘rinlar;
- Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti — 651–700-o‘rinlar.
Shuningdek, reytingdan quyidagi OTMlar ham o‘rin egallagan:
- Toshkent davlat texnika universiteti — 1001–1200-o‘rinlar;
- Toshkent davlat transport universiteti — 1001–1200-o‘rinlar;
- O‘zbekiston Milliy universiteti — 1201–1400-o‘rinlar;
- Samarqand davlat universiteti — 1201–1400-o‘rinlar;
- Toshkent axborot texnologiyalari universiteti — 1201–1400-o‘rinlar;
- Toshkent davlat tibbiyot universiteti — 2001+.
“THE World University Rankings” universitetlarning ta’lim, ilmiy tadqiqot, bilim transferi va xalqaro faoliyati kabi asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha ko‘rsatkichlarini baholaydi.
Oliy ta’lim tashkilotlarining nufuzli xalqaro reytinglarda munosib natijalarga erishishi ularning ta’lim va ilmiy faoliyatini xalqaro mezonlar asosida rivojlantirish, akademik salohiyatini mustahkamlash va jahon ilmiy-ta’lim maydonidagi ishtirokini kengaytirish uchun muhim ko‘rsatkichlardan biridir.
Avvalroq, Avvalroq, dunyoning 2 016 ta oliy ta’lim tashkiloti ishtirok etgan “UI GreenMetric 2026” xalqaro reytingida Oʻzbekistonning 89 ta oliy taʼlim tashkiloti oʻz natijalarini qayd etgani haqida xabar berilgandi.
