Paxta terimi boshlangani munosabati bilan Mehnat inspeksiyasi ota-onalarga murojaat qildi. Ota-onalardan oʻquvchilarning taʼlim olishi uchun imkoniyat yaratib berish va paxta terimiga jalb qilmaslik soʻralgan.
Davlat mehnat inspeksiyasi paxta terimi mavsumi davomida mehnat qonunchiligiga rioya etilishini taʼminlash, majburiy mehnat va bolalar mehnatining oldini olish maqsadida tegishli tashkilotlar vakillaridan iborat shtab faoliyati yoʻlga qoʻyilganini maʼlum qildi.
Taʼkidlanishicha, mehnat qonunchiligi ijrosini nazorat qilish maqsadida tuzilgan ishchi guruhlar tomonidan paxta yigʻim-terimi jarayonlarida monitoring ishlari olib borilmoqda.
Shuningdek, xabarda ota-onalarga murojaat qilgan. Ulardan farzandlarini paxta terimiga jalb qilmaslik, oʻqishi uchun imkoniyat yaratib berish soʻralgan.
“Farzandlaringizning taʼlim olishiga sharoit yarating. Oʻquvchilarning paxta yigʻim-terimi ishlariga jalb etilishiga yoʻl qoʻymang”, deyiladi xabarda.
Shu bilan birga inspeksiya ish beruvchilar va fermer xoʻjaliklariga ham murojaat qilingan. Jumladan, ulardan:
– hech kimni majburan mehnatga jalb qilmaslik;
– bolalar mehnatidan foydalanishga yoʻl qoʻymaslik;
– ishchilarning mehnat huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash;
– mehnat munosabatlarini qonunchilik asosida rasmiylashtirish;
– ish vaqti, dam olish va mehnatga haq toʻlash talablariga rioya qilish soʻralgan.
Xabarda agar paxta yigʻim-terimi mavsumida mehnat huquqlari buzilsa yoki majburiy mehnat holatiga duch kelinsa, fuqarolar Davlat mehnat inspeksiyasiga murojaat qilishi mumkinligi aytilgan.
