O‘zbekistonda ishsiz, ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar a’zolari hamda rasmiy daromad manbaiga ega bo‘lmagan fuqarolarga zamonaviy kasb va xorijiy tillarni vaucher asosida o‘rganish imkoniyati yaratildi. Buning uchun fuqarolar bandlik bo‘limlari, mahalladagi hokim yordamchilari yoki maxsus elektron platforma orqali murojaat qilishi mumkin.
Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi xabariga ko‘ra, bugungi kunda fuqarolarning zamonaviy kasblar va xorijiy tillarni o‘rganishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida vaucher tizimi amal qilmoqda.
Mazkur tizim orqali belgilangan toifadagi fuqarolarga ta’lim kurslarida o‘qish uchun vaucher beriladi. Talabgor vaucher yordamida tizimda ishtirok etuvchi ta’lim tashkilotlaridan birida tegishli kasb yoki xorijiy tilni o‘rganishi mumkin.
Avvalroq, Prezidentning 2025-yil 4-avgustdagi 126-son Farmoniga ko‘ra, 2025-yil 1-noyabrdan malakasini oshirish va kasbga qayta tayyorlanish istagidagi shaxslarga qo’shimcha ta’lim olish uchun “kasb vaucheri” berish tartibi joriy etilishi haqida xabar berilgandi. Shuningdek, joriy yil 30-iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan uchrashuvda xalqaro talablar asosida yangi ko‘nikmalarni egallashni istagan yoshlarga “kasb vaucheri” berish tizimi yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qilgan edi.
Kimlar vaucher olishi mumkin?
Vaucher tizimidan foydalanish imkoniyati quyidagi toifadagi fuqarolarga beriladi:
- ishsiz fuqarolar;
- ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar a’zolari;
- rasmiy daromad manbaiga ega bo‘lmagan fuqarolar.
Mazkur toifadagi fuqarolar vaucher orqali zamonaviy kasblar yoki xorijiy tillarni o‘rganish uchun tashkil etilgan o‘quv kurslarida ta’lim olishlari mumkin.
Vaucher olish uchun qayerga murojaat qilish kerak?
Vaucher olishni istagan fuqarolar bir nechta usul orqali murojaat qilishi mumkin.
Xususan, ular:
- tuman yoki shahar bandlik bo‘limlariga;
- MFYdagi hokim yordamchilariga murojaat qilishi;
- yoki ecosys.mehnat.uz platformasi orqali onlayn ariza topshirishi mumkin.
Vaucher tizimida ishtirok etuvchi ta’lim tashkilotlarining elektron reyestri ham shakllantirilgan. Fuqarolarga kasb yoki xorijiy tilni o‘rganish uchun vaucherdan bir martalik foydalanish huquqi beriladi.
Ta’lim tashkilotlari qanday tanlanadi?
O‘quv jarayonida ta’lim sifati va tinglovchilarning davomati CRM dasturi orqali avtomatik nazorat qilinadi. Shuningdek, o‘quv kurslarini tamomlagan fuqarolarning keyingi ishga joylashish natijalarini monitoring qilish mexanizmi joriy etilgan.
O‘quv kurslari yakunida ecosys.mehnat.uz dasturiy ta’minotiga joylashtirilgan test topshiriqlari asosida yakuniy imtihon o‘tkaziladi. Yakuniy imtihonda kamida 71 ball to‘plagan tinglovchi kursni muvaffaqiyatli tamomlagan hisoblanadi va unga belgilangan namunadagi sertifikat beriladi.
Shuningdek, yangi ta’lim yo‘nalishini vaucher tizimiga kiritish masalasi Vazirlikda tashkil etilgan ishchi guruh tomonidan ko‘rib chiqiladi. Tasdiqlangan yangi yo‘nalish ecosys.mehnat.uz platformasiga kiritiladi va Vazirlikning rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.
