“Mukofot pulini uy olishga sarflashni niyat qildim”: “Yil o‘qituvchisi” tanlovi g‘olibi

“Mukofot pulini uy olishga sarflashni niyat qildim”: “Yil o‘qituvchisi” tanlovi g‘olibi

Xorazmlik nemis tili o‘qituvchisi “Yil o‘qituvchisi” tanlovida g‘olib bo‘ldi. 13 yillik tajribaga ega pedagog mukofot pulini oilasi uchun uy olishga sarflashni rejalashtirmoqda.

 

Xorazm viloyati Yangiariq tumanidagi 13-maktabning nemis tili fani o‘qituvchisi Dilafruz Otajonova 13 yildan buyon pedagogik faoliyat yuritib kelmoqda.

 

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining xabariga ko‘ra, u bugungi kunda 1000 dollardan ortiq miqdorda maosh olmoqda.

 

O‘qituvchining ta’kidlashicha, bu yilgi “Yil o‘qituvchisi” tanlovi avvalgi yillardan farqli ravishda o‘zgacha shaklda, yangi mezon va yondashuvlar asosida tashkil etilgan. Tanlovning har bir bosqichi uning uchun yangi tajriba va o‘z ustida ishlash imkoniyatiga aylangan.

 

Ayniqsa, tanlovning uchinchi bosqichida tashkil etilgan kitobxonlik jarayoni o‘qituvchida katta taassurot qoldirgan. Uning fikricha, mutolaa jarayonida ishtirokchilar nafaqat bilim va dunyoqarashini boyitgan, balki ma’naviy salohiyatini ham oshirgan.

 

Dilafruz Otajonova g‘alabaga erishishda mehnat, mas’uliyat va yaqinlarining qo‘llab-quvvatlashi muhim bo‘lganini ta’kidlagan.

 

Albatta, har bir muvaffaqiyatning ortida katta mas’uliyat, mehnat va yaqinlarimizning qo‘llab-quvvatlashlari turadi. Men mukofot pulini o‘zim, oilam uchun eng muhim maqsad — uy olishga sarflashni niyat qildim, — deydi o‘qituvchi.

 

Avvalroq, “Yil o‘qituvchisi” g‘oliblariga beriladigan mukofot pulidan daromad solig‘i undirilmasligi haqida xabar berilgandi.