Sirdaryo viloyatidagi umumiy o‘rta ta’lim maktabida ikki o‘quvchi qizlar o‘rtasida yuzaga kelgan nizodan so‘ng ulardan birining onasi boshqa o‘quvchini dars vaqtida chaqirtirib, unga jismoniy kuch ishlatgan. Holat Bolalar ombudsmani tomonidan nazoratga olingan.
Joriy yilning 7-sentyabr kuni Sirdaryo viloyatidagi umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘quvchilar o‘rtasida janjal sodir bo‘lgan. Unda 2013-yilda tug‘ilgan A.Z. va Z.A. ismli o‘quvchi qizlar dars mashg‘uloti vaqtida o‘zaro tortishib, nizo yuzaga kelgan.
8-sentyabr kuni A.Z.ning onasi S.Sh. holat bo‘yicha maktab ma’muriyatiga murojaat qilmasdan, belgilangan tartib-taomillarga zid ravishda Z.A.ni dars vaqtida chaqirtirgan. Shundan so‘ng ular o‘rtasidagi suhbat keskinlashib, ayol voyaga yetmagan Z.A.ning bo‘ynini tirnab, unga jismoniy kuch ishlatgan.
Mazkur holat yuzasidan Sirdaryo viloyati Boyovut tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda.
Hozirda bolaning sog‘lig‘iga yetkazilgan zarar darajasini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Bolalar ombudsmani voyaga yetmagan bolaning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish yuzasidan holatni kuzatishda davom etishini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qarshida ikki o‘quvchi qiz o‘rtasidagi kelishmovchilik sabab janjal yuzaga kelgan edi.
