Mustaqillik bayrami kunlarida aholining O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilishi uchun temir yo‘l, avtomobil va havo transportida qo‘shimcha qatnovlar tashkil etiladi. Ayrim yo‘nalishlarda qo‘shimcha qatnovlar bayramdan ikki-uch kun oldin boshlanadi. Bu haqda Turizm qo‘mitasi ma’lum qildi.
Turizm qo‘mitasining xabariga ko‘ra, temir yo‘l transportida bir qator yo‘nalishlarda harakatlanuvchi poyezdlar tarkibiga 4 tagacha qo‘shimcha vagon ulanadi. Bular:
- Toshkent–Xiva–Toshkent;
- Toshkent–Qo‘ng‘irot–Toshkent;
- Toshkent–Shovot–Toshkent;
- Toshkent–Termiz–Toshkent;
- Toshkent–Sariosiyo–Toshkent.
Shuningdek, Toshkent–Samarqand–Toshkent, Toshkent–Buxoro–Toshkent va Toshkent–Urganch–Toshkent yo‘nalishlarida yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlarning qo‘shimcha qatnovlari yo‘lga qo‘yiladi.
Qo‘shimcha elektropoyezdlar bayramdan ikki kun oldin qatnay boshlaydi va bayramdan keyingi ikki kun davomida ham muntazam harakatlanadi.
Avtomobil transportida esa viloyatlararo barcha yo‘nalishlarda qo‘shimcha avtobus qatnovlari tashkil etiladi. Toshkentdagi Janubiy temir yo‘l vokzali hududida viloyatlararo avtobuslar uchun zaxira to‘xtash joyi ajratiladi.
Bayramdan kamida 3 kun oldin “Toshkent–Samarqand–Buxoro–Urganch–Nukus” yo‘nalishlarida qatnovchi avtobuslar ushbu hududga joylashtiriladi.
Havo transportida ham ayrim turistik yo‘nalishlarga qo‘shimcha reyslar amalga oshiriladi. Jumladan, bayramdan kamida ikki kun oldin:
- Toshkent–Urganch;
- Toshkent–Nukus;
- Toshkent–Buxoro;
- Toshkent–Termiz
yo‘nalishlarida qo‘shimcha aviareyslar yo‘lga qo‘yiladi.
Turizm qo‘mitasiga ko‘ra, mazkur choralar Mustaqillik bayrami kunlarida aholining mamlakat bo‘ylab sayohat qilishi, ichki turizmni rivojlantirish hamda turistik maskanlarga borish-kelish uchun qulay sharoit yaratishga qaratilgan.
