Texnikum bilan dual ta’limni yo‘lga qo‘ygan tashkilotlarga 5 mlrd so‘mgacha kredit beriladi

Texnikum bilan dual ta’limni yo‘lga qo‘ygan tashkilotlarga 5 mlrd so‘mgacha kredit beriladi

Texnikumlar bilan dual ta’limni yo‘lga qo‘ygan tashkilotlarga 7 yil muddatga, 5 mlrd so‘mgacha kredit ajratiladi. Buning evaziga tashkilotlar har 1 mlrd so‘m kredit uchun kamida 5 nafar o‘quvchini ikki yil davomida dual ta’limga jalb qilishi va kamida bir nafar bitiruvchini ishga qabul qilishi kerak bo‘ladi.

 

Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 20-avgustdagi 449-son qarori bilan texnikumlarda o‘rta bo‘g‘in kadrlarini tayyorlash va bitiruvchilar bandligini ta’minlashda ish beruvchilar ishtirokini kengaytirishga qaratilgan yangi tartiblar belgilandi.

 

2025-yili Prezident rahbarligidagi yig‘ilishda texnikum bilan dual taʼlimni yoʻlga qoʻygan korxonalarga imtiyozli kredit ajratilishi haqida ma’lum qilingandi.

 

Unga ko‘ra, texnikum bilan dual ta’limni yo‘lga qo‘ygan tashkilotlarga 7 yil muddatga, 5 mlrd so‘mgacha, Markaziy bank stavkasidan 4 foiz punkt yuqori stavkada kredit ajratiladi. Kredit bo‘yicha 2 yillik imtiyozli davr ham nazarda tutilgan.

 

Bunda tashkilot har 1 mlrd so‘m kredit uchun kamida 5 nafar o‘quvchini 2 yil davomida dual ta’limga jalb qilishi hamda kamida 1 nafar texnikum bitiruvchisini 1 yil muddatga ishga qabul qilishi lozim.

 

Kreditlar “O‘zmilliybank” va “Aloqabank” resurslari hisobidan ajratiladi.

 

Kredit olish uchun qanday talablar mavjud?

 

Quyidagi talablarga javob bergan tashkilotlar kredit olish huquqiga ega:

 

  • texnikum bilan dual ta’limni yo‘lga qo‘ygan hamda dual ta’lim bo‘yicha texnikum bilan amal qiluvchi shartnoma mavjud bo‘lishi;
  • dual ta’lim doirasida o‘quvchilar uchun ish joylari va ishlab chiqarish amaliyoti tashkil etilgan bo‘lishi;
  • dual ta’lim doirasida o‘quvchilarga tashkilotning malakali mutaxassislarini “ustoz” sifatida biriktirgan bo‘lishi;
  • dual ta’lim shaklida tahsil olayotgan o‘quvchilar bilan muddatli mehnat shartnomalari tuzilgan bo‘lishi hamda ish haqi to‘lashi;
  • joriy yilda texnikum bitiruvchisini tashkilotdagi vakant ish o‘rniga mehnat shartnomasi asosida ishga qabul qilgan bo‘lishi.

 

Tashkilot dual ta’limni yo‘lga qo‘yib, bir nafar bitiruvchini bir yil muddatga ishga qabul qilganidan so‘ng 2 hafta ichida kredit olish uchun tijorat bankiga murojaat qiladi.

 

Tashkilotlar dual ta’lim dasturi doirasida kredit olish uchun tijorat banklariga quyidagi hujjatlarni qog‘oz shaklida taqdim etadi:

 

  • kreditni olish to‘g‘risidagi ariza;
  • ariza beruvchi (tashkilot)larning amalda bo‘lgan tasdiqlovchi hujjatlari;
  • texnikum va tashkilot o‘rtasidagi hamda tashkilot va o‘quvchi o‘rtasidagi dual ta’lim bo‘yicha shartnoma nusxalari;
  • dual ta’lim dasturi va dual ta’limda tahsil olayotgan o‘quvchilar ro‘yxati;
  • tashkilot tomonidan kreditdan foydalanish rejasi;
  • tashkilotning soliq qarzdorligi mavjud emasligi to‘g‘risida ma’lumot.

 

Bank ariza va unga ilova qilingan hujjatlarni 5 ish kunida ko‘rib chiqadi. Ijobiy qaror qabul qilingan taqdirda kredit shartnomasi 3 ish kunida tuziladi.

 

Shuningdek, 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab investorlar buyurtmasi asosida texnikumlarda kadrlar tayyorlash to‘lov-kontrakt asosida tashkil etiladi.

 

Investor buyurtmasi bo‘yicha o‘quvchilarni imtihonsiz qabul qilish mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, o‘quv dasturlariga investorlarning takliflari asosida 30 foizgacha o‘zgartirish kiritishga ruxsat beriladi.

 

Avvalroq, nodavlat bogʻchalar tashkil etgan tadbirkorlarga ijara va soliqda yengilliklar hamda subsidiya va imtiyozli kredit berilishi haqida xabar berilgandi.

Bilimni baholash agentligi

AI bot abituriyentlarga yo'nalish tanlashga yordam beradi

Bilim va malakalarni baholash agentligi ma'lumotlari asosida.

Telegram'da ochish