O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi ta’lim hamkorligini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida maktab direktorlarining malakasini oshirish hamda maktab psixologlarining kasbiy salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha yangi yo‘nalishlar muhokama qilindi.
Joriy yilning 18-avgust kuni Vashington shahrida Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi va Xalqaro ta’lim bo‘yicha Amerika kengashi rahbariyati o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasi ko‘magida tashkil etilgan uchrashuvda Ta’limni rivojlantirish markazi direktori Shaxzodbek Kurbaniyazov, direktor o‘rinbosari Anvarjon Maxmudov, Xalqaro ta’lim bo‘yicha Amerika kengashining Strategik rivojlanish bo‘yicha ijrochi vitse-prezidenti Maykl Kurtis hamda Bosh strategiya direktori va mintaqaviy direktori Karter Jonson ishtirok etdi.
Muzokaralarda hamkorlikning ikki ustuvor yo‘nalishi O‘zbekiston maktab direktorlarining AQSHda malakasini oshirish hamda maktab psixologlarining kasbiy salohiyatini rivojlantirish masalalari yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.
Muzokaralar yakunida muhokama qilingan yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikka jalb etilishi mumkin bo‘lgan tegishli tashkilotlar va malakali ekspertlar ro‘yxatini shakllantirish, shuningdek, ular uchun aniq malaka va tanlov mezonlarini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
